O‘zbekiston | 12:33 / 09.09.2020
38955
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Senatining eng keksa a'zosi Sharap Usnatdinov vafot etdi

Oliy Majlis Senati a'zosi, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi, fidoyi jurnalist, «El-yurt hurmati» ordeni sohibi Sharap Usnatdinov 78 yoshida vafot etdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Marhumning o‘limi sabablari keltirilmagan.

«Jurnalist, siyosatchi Sh.Usnatdinov 1942 yil Kegeyli tumanida tug‘ilgan. Marhum Nuroniy jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi sifatida uzoq yillar mamlakatimizning rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan inson. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tugatgan yozuvchi, jamoat arbobi xalqimizga «Kimga kech, kimga tong sahar», «So‘nggi ovchi», «Ko‘rganlarim, ko‘ngildagilarim», «Birinchi qoraqalpoq baletmeysteri», «Shoirning yoshligi» kabi roman va qissalarini meros qilib qoldirdi», deyiladi xabarda.

Sharap Usnatdinov 2020 yil yanvarida o‘tkazilgan saylovlarda O‘zbekiston Senati a'zosi etib saylangandi. Marhum yangilangan Senatning eng keksa a'zosi bo‘lgandi. U Qoraqalpog‘iston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari ham hisoblangan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyulida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, senator Musa Yerniyazov 73 yoshida koronavirus tufayli vafot etgandi.

Mavzuga oid