Jahon | 00:31 / 16.09.2020
14185
2 daqiqa o‘qiladi

Grenlandiyaning eng yirik muzligidan ulkan bo‘lak ajraldi

Foto: Getty Images

Grenlandiyadagi eng yirik arktik shelf muzligidan 110 kvadrat kilometr maydonga ega ulkan bo‘lak ajraldi, deb yozmoqda The Week. 

Sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratlar ajralgan bo‘lak ko‘plab mayda qismlarga parchalanib ketganini ko‘rsatgan. Muz bo‘lagi ajralgan Niogxalvferds-ford shelf muzligi (79N deb ham ataladi) dunyodagi eng katta muzliklardan biri hisoblanadi. Uning uzunligi 80 kmni, eni esa 20 kmni tashkil qiladi. Muzlik Grenlandiya atrofidagi iqlimni tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi.

Tadqiqotchilarning fikricha, muz bo‘lagining ajralishi iqlimning tez o‘zgarishi natijasi hisoblanadi.

“Ushbu hududdagi atmosfera 1980 yildan beri 3 darajaga qizigan. 2019 va 2020 yillarda esa bu yerda rekord darajada yuqori haroratlar qayd qilingan”, deb ma'lum qilgan doktor Jyenni Terton. 

Okeanshunoslarning ta'kidlashicha, dengiz haroratining ko‘tarilishi muzlikning ostidan erishiga olib keladi.

Sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda muzlikning sirtida muz erishi oqibatida hosil bo‘lgan ko‘plab ko‘llarni ko‘rish mumkin. Bu ko‘llar muzlikda ko‘plab yoriqlar paydo bo‘lishiga olib keladi.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yilda muz qalqoni 530 mlrd tonna muz yo‘qotgan va bu antirekord hisoblanadi.   

Avvalroq NASA agentligi Yerning qutblarida har yili millionlab tonna muz yo‘qolishini aks ettirgan videoni namoyish qilgan. Muzlarning bunday katta hajmda erishi dunyo okeani sathi oshishiga olib keladi.

Mavzuga oid