Jahon | 09:35
457
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Grenlandiyani egallash rejasidan voz kechmagan

AQSh ma’muriyatining Grenlandiya bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmagan. Bu haqda Daniyaning avtonom hududi hisoblangan Grenlandiya bosh vaziri Yyens-Frederik Nilsen AQSh prezidentining maxsus vakili bilan uchrashuvdan keyin ma’lum qildi.

Foto: AP

18 may kuni Nuuk shahriga Luiziana shtati gubernatori va Trampning Grenlandiya bo‘yicha maxsus vakili Jyeff Lendri tashrif buyurdi.

Yyens-Frederik Nilsenning aytishicha, muzokaralar “ijobiy ruhda va o‘zaro hurmat asosida” o‘tgan, suhbat konstruktiv bo‘lgan. Biroq AQShning Grenlandiya bo‘yicha yondashuvida o‘zgarish kuzatilmagan.

“Biz Grenlandiya xalqi sotilmasligini va grenlandiyaliklar o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega ekanini aniq aytdik”, — dedi Nilsen.

Grenlandiya tashqi ishlar vaziri Mut Egede ham AQSh orol ustidan nazorat o‘rnatish rejasidan voz kechmaganini tasdiqladi.

Bu Jyeff Lendrining maxsus vakil sifatida Grenlandiyaga ilk tashrifi hisoblanadi.

U 19–20 may kunlari investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan Future Greenland 2026 iqtisodiy forumida ishtirok etadi.

DR nashri jurnalisti bilan suhbatda Lendri Tramp unga “u yerga borib, iloji boricha ko‘proq do‘st orttirish”ni maslahat berganini aytdi.

Sermitsiaq nashri ma’lumotiga ko‘ra, Nuuk markazidagi mehmonxonaga joylashgan Amerika delegatsiyasi o‘zi bilan MAGA (Make America Great Again) yozuvli kepkalar ham olib kelgan.

The New York Times yozishicha, AQSh, Grenlandiya va Daniya hukumatlari o‘rtasida to‘rt oydan beri maxfiy muzokaralar davom etmoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil yanvar oyi oxirida NATO bosh kotibi Mark Ryutte Trampni Grenlandiyani kuch bilan egallash rejasidan qaytargan.

Shundan keyin AQSh oroldagi harbiy kelishuvni o‘zgartirish va hatto Grenlandiya mustaqillikka erishgan taqdirda ham amerikalik harbiylarning muddatsiz qolishiga imkon yaratishga urinmoqda.

Tramp Jyeff Lendrini 2025 yil 22 dekabrda maxsus vakil etib tayinlagan.

O‘sha paytda Daniya OAV AQSh ma’muriyati Daniya hukumatini chetlab o‘tib, Grenlandiya rasmiylari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga harakat qilayotgani va orolda “yashirin ta’sir operatsiyalari” olib borayotganini xabar qilgan edi.

Donald Tramp bir necha bor Vashington milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan Grenlandiyani nazorat qilishi kerakligini aytgan. Uning fikricha, agar AQSh orolni egallamasa, Xitoy yoki Rossiya bu orqali xavf tug‘dirishi mumkin.

Politico nashri yanvar oyida Tramp ma’muriyati Daniyani chetlab o‘tib, Grenlandiyaga “erkin assotsiatsiya” bo‘yicha kelishuv taklif qilish ustida ishlayotganini yozgan edi.

Tramp Oq uyga qaytganidan beri bir necha bor Grenlandiyaga da’vo bildirib kelmoqda. Bu esa NATO ichida jiddiy bahslarga sabab bo‘lgan.

Yanvar oyi oxirida Mark Ryutte bilan uchrashuvdan keyin Tramp orolni kuch bilan egallash tahdidlaridan voz kechgan. Shundan so‘ng AQSh, Daniya va Grenlandiya qo‘shma ishchi guruh tuzgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid