O‘zbekiston | 09:21 / 16.09.2020
4182
3 daqiqa o‘qiladi

O‘simlik dunyosi obektlariga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Joylarda o‘zlariga vaqtincha yoki doimiy ravishda foydalanishga ajratilgan yoki biriktirilgan maydonlardagi daraxtlarni saqlash va ularni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaganlik uchun mansabdor shaxslarga o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima belgilanmoqda.

Qonunchilik palatasining 2020 yil 15 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “O‘simlik dunyosi obektlarini muhofaza qilishni takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi deputatlarning bahs-munozaralariga sabab bo‘ldi.

Parlament saytida yozilishicha, qonun loyihasi bilan daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, ularni yo‘q qilish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki ko‘chirib o‘tkazish uchun jinoiy va ma'muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, javobgarlik choralari avvalgisiga nisbatan ikki baravarga oshirilmoqda. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mazkur sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklar uchun ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni va ma'muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi ham musodara qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, joylarda o‘zlariga vaqtincha yoki doimiy ravishda foydalanishga ajratilgan yoki biriktirilgan maydonlardagi daraxtlarni saqlash va ularni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaganlik uchun mansabdor shaxslarga o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima belgilanmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi daraxtlar, butalar va boshqa o‘simliklarning g‘ayriqonuniy kesilishi, yo‘q qilinishi, shikastlantirilishi yoki boshqa joyga ko‘chirilishining oldini olishga hamda atrof muhitni muhofaza qilish sohasida davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish orqali bu boradagi huquqbuzarliklarning kamayishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid