O‘zbekiston | 08:37 / 16.09.2020
6814
4 daqiqa o‘qiladi

Yunus Rajabiy nomidagi milliy musiqa san'ati institutining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasi 02.09.2020 yildagi «Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san'ati instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi 536-son qarorni qabul qildi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining tegishli ta'lim yo‘nalishlari negizida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san'ati instituti tashkil etilgan. U maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.
 
Norma’ning yozishicha, institutga O‘zbekiston davlat konservatoriyasidan o‘tkaziladigan ta'lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) ro‘yxati tasdiqlandi.

Bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha:

  • 5111000 – Professional ta'lim;
  • 5150602 – Vokal san'ati: an'anaviy xonandalik;
  • 5150716 – Cholg‘u ijrochiligi: an'anaviy cholg‘ular;
  • 5150201 – San'atshunoslik: musiqashunoslik;

magistratura yo‘nalishi bo‘yicha:

  • 5A150202 – Musiqa san'ati;
  • 5A150601 – Vokal san'ati: an'anaviy xonandalik; 
  • 5A150702 – Cholg‘u ijrochiligi: an'anaviy cholg‘ular;

O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutidan bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha:

  • 5151606 – Xalq ijodiyoti: baxshichilik va dostonchilik.

Institut budjet tashkilotining barcha tegishli atributlari bilan birga yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lib, Madaniyat vazirligiga idoraviy jihatdan bo‘ysunadi. Institutda o‘quv jarayoni o‘tkaziladigan mutaxassisliklar bo‘yicha 2020/2021 o‘quv yilidanoq boshlanadi.
 
Bir qancha xalqaro ta'lim standartlari hamda o‘quv dasturlariga muvofiq, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab ta'limning kredit-modul tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.
 
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilangan:

  • madaniyat sohasi ehtiyojlaridan kelib chiqib maqom ijrochiligi va baxshichilik san'ati bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ularning ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish;
  • maqom ijrochiligi va baxshichilik san'ati bo‘yicha fundamental, amaliy va ijodiy izlanish hamda tadqiqotlar olib borish, sohada shakllangan ijodiy maktablarning o‘ziga xos ijro uslublari va an'analarini qayta tiklash va rivojlantirish;
  • milliy musiqa san'ati va xalq ijodiyoti yo‘nalishlarida xorijiy ta'lim muassasalari va markazlari bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma ta'lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
  • o‘quv jarayonining amaliyot bilan uzviyligini ta'minlash maqsadida madaniyat muassasalari va badiiy jamoalar bilan talabalar amaliyotini tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta'minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Qaror bilan Institutni moliyalashtirish manbalari belgilandi:

  • O‘zbekiston Davlat budjeti;
  • Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar natijalari bo‘yicha ajratiladigan grantlar;
  • xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida ko‘rsatilgan xizmatlardan tushadigan mablag‘lar;
  • ta'lim xizmatlari ko‘rsatishdan, ilmiy-o‘quv, o‘quv-metodik, ilmiy-ijodiy va axborot-tahliliy mahsulotlarni ishlab chiqishdan, konsert-tomosha va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Qaror bilan professor-o‘qituvchilar tarkibi uchun bir qator imtiyozlar nazarda tutilgan.
 
Madaniyat vazirligiga yangi Institutning Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi, 31-uy manzilidagi O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga tegishli bo‘lgan binoga joylashtirilishini ta'minlash vazifasi topshirildi.
 
Hujjat 3.09.2020 yildan kuchga kirgan.

Mavzuga oid