O‘zbekiston | 12:19 / 18.09.2020
5564
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq hisoboti yangi shakllar bilan to‘ldiriladi

DSQ «O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 28.01.2020 yildagi 2020-03-son «Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori loyihasini muhokama qilish uchun e'lon qildi. Hujjat 2021 yil 1 yanvardan kuchga kirishi kerak.
 
Qaror loyihasida soliq va boshqa hisobotlarning ayrim shakllarini tasdiqlash nazarda tutilgan.
 
Norma’ning yozishicha, 7-«Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo‘yicha soliq hisobotining shakllari» ilovasi yana bitta shakl – «Mol-mulk solig‘i to‘lovchi yuridik shaxslarning asosiy vositalari to‘g‘risida ma'lumot» bilan to‘ldiriladi.
 
Bundan tashqari, hisobotning amaldagi shakllari 13-«Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tgan yuridik shaxslarning soliqlarini hisoblab chiqish uchun zarur bo‘lgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha soliq hisoboti shakllari» ilovasi bilan to‘ldiriladi.
 
13-ilovaga quyidagilar kiradi:

  • Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tgan yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan buxgalteriya balansi ko‘rsatkichlari to‘g‘risida ma'lumotnoma (aktivlar bo‘yicha shakl va passivlar bo‘yicha shakldan iborat);
  • Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tgan yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy natija ko‘rsatkichlari to‘g‘risida ma'lumotnoma (Foyda va zararlar to‘g‘risida ma'lumotnoma);
  • Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tgan yuridik shaxslarning soliqlarni hisoblash uchun zarur bo‘lgan boshqa ko‘rsatkichlari to‘g‘risida ma'lumotnoma. Ushbu shakl uzoq muddatli investitsiyalar va ularning turlari, tovar-moddiy zaxiralar, debitorlar, pul va o‘z mablag‘lari, uzoq muddatli majburiyatlarga oid ma'lumotlardan iborat.

Ushbu shakllar Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tgan soliq to‘lovchilar tomonidan har chorak yakuni bo‘yicha hisobot choragidan keyingi oyning 25-sanasigacha, yil yakunlari bo‘yicha hisobot yilidan keyingi yilning 1 martidan kechiktirmay soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga taqdim etiladi.
 
Ushbu qarorning kuchga kirishi Prezidentning 24.02.2020 yildagi «Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-4611-son qarorini ijro etishda muhim qadam bo‘ladi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid