O‘zbekiston | 18:25 / 18.09.2020
18052
3 daqiqa o‘qiladi

SSV: Har bir hududga «tibbiyot desantlari» safarbar qilindi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, tibbiyot xodimlarini o‘qitish va kasbiy malakasini oshirish ishlarini yanada takomillashtirish maqsadida yana bir yangi loyihaga qo‘l urilgani haqida xabar berdi. 

«Yurtimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va davolash muassasalarining tajribali reanimatolog, terapevt-pulmonolog, pediatr va boshqa mutaxassislari saralab olinib, ular Covid-19’ni davolash muassasalariga jalb etilgan shifokorlarni koronavirus bo‘yicha to‘plangan milliy tajriba va dunyo olimlarining oxirgi izlanishlari natijasida aniqlangan so‘nggi ma'lumotlar asosida qayta tayyorlash va koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘llanmaning yangilangan shaklini joylarda tizimli o‘qitish bo‘yicha trenerlikka safarbar qilinmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad koronavirus o‘chog‘ida ish olib boradigan mutaxassislarni bemorlar bilan ishlashga maksimal darajada tayyorlash, shu orqali kasallikni jilovlashda va bemorlarning sog‘ayish ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilashda ijobiy natijaga erishishdir», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida. 

Bugun Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent stomatologiya davlat instituti, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi va davolash muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda mutaxassislari orasidan saralab olingan shunday trenerlar bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muloqotda vazir ularga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalarini bildirgan.

Vazirlikning tegishli buyrug‘iga ko‘ra, mamlakatning har bir hududiga 12 nafardan turli yo‘nalishdagi tibbiyot mutaxassislari safarbar qilinadi. Ularga qo‘shimcha ravishda hududlardagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari biriktiriladi. Ular koronavirusni davolash muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan va u yerda ish boshlamoqchi bo‘lgan shifokorlarni yangicha modul o‘quv dasturi asosida o‘qitadi, bilim-ko‘nikmalarini oshiradi, davolash jarayonlarida ham bevosita ishtirok etadi. 

O‘quv dasturini ijobiy o‘zlashtirgan shifokorlarga tegishli sertifikatlar berilib, davolash muassasalariga ish boshlash uchun yuboriladi.

  • Vazirlikning so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni 50 mingdan oshgan, shu vaqtgacha 46,5 ming kishi tuzalgan, ayni vaqtda shifoxonalarda 3,3 mingdan ortiq bemor davolanmoqda.

Mavzuga oid