Jahon | 21:52 / 20.09.2020
9903
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon prezidenti Armanistonni urushga tayyorlanayotganlikda aybladi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Armaniston qurolli kuchlarining Qorabog‘ ixtilofi tutashuv chizig‘ida to‘planayotganini ta'kidlab o‘tdi va buni Yerevanning urushga tayyorlanishi deb atadi.

Foto: AZERTAG.AZ

“Armaniston Tog‘li Qorabog‘da noqonuniy tarzda aholi joylashtirmoqda. Bu barcha xalqaro konvensiyalarga, Jyeneva konvensiyasiga ziddir, bu jinoyat. Qayerdandir odamlarni olib kelib, ularni bosib olingan yerlarda joylashtirish – jinoyatdir. Pashinyan tuzumi buni ataylab qilmoqda. Bu ig‘vo, bizni ig‘voga tortishmoqda”, deb aytgan Aliyev Ozarboyjon telekanallariga bergan intervyusida.

Bundan tashqari, Ozarboyjon prezidenti Yerevanni iyulda chegarada yuz bergan jangovar to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishda ayblagan. “Bu qurolli ig‘vo va uni Armaniston boshlagani hech kimga sir emas. Bizda Armaniston hududida hech qanday harbiy maqsadlar yo‘q. Agar istaganimizda, Armaniston hududiga o‘tgan bo‘lardik, bizda buning uchun barcha harbiy imkoniyatlar mavjud. Biroq buni qilmadik, chunki harbiy-siyosiy konsepsiyamizda bizga qarshi jiddiy ig‘vo sodir etilmasa, bu narsa yo‘q. Agar bunday ig‘vo sodir etilsa, biz uchun hech qanday cheklov bo‘lmaydi, buni hamma bilsin. Hech qanday cheklov”, deb aytgan Aliyev.

Armaniston va Ozarboyjon chegarasidagi otishmalar 12 iyuldan 16 iyulgacha davom etgan. Ikki tomondan ham yo‘qotishlar bo‘lgan. Ikki davlat bu keskinlashuvda bir-birini ayblagan. Ixtilofni tartibga solish uchun o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kiritilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid