O‘zbekiston | 09:55 / 22.09.2020
16428
5 daqiqa o‘qiladi

Urganchda xalqaro universitet tashkil etildi 

Oliy ta'lim sohasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatilishini yanada rivojlantirish, oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlashda davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, yetakchi xalqaro ta'lim tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining «Urganch shahrida xalqaro «Binary» universiteti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi bilan «Binary» universiteti (Malayziya) o‘rtasida 2020 yil 8 mayda Urganch shahrida xalqaro «Binary» universitetini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlarning asosiy prinsiplari to‘g‘risida kelishuv imzolangan.

Xorazm viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda «Binary» universitetining (Malayziya) Urganch shahrida xalqaro «Binary» universiteti filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:

hududda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishi istiqbollari va ustuvor vazifalarini, zamonaviy tadbirkorlikning rivojlanishi tendensiyalarini inobatga olgan holda tadbirkorlik va boshqaruv, ijtimoiy-iqtisodiy hamda iqtisodiyotning ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalari bo‘yicha malakali oliy ma'lumotli kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta'minlash;

o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda, shuningdek, ilm-fan va ishlab chiqarish sohalaridagi dolzarb muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda respublika va xorijiy yetakchi oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish;

Filialda yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarining ta'lim dasturlarini joriy etish;

xorijning ilg‘or oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;

ta'lim dasturlariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;

ta'lim jarayoniga yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb qilish orqali zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish;

professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan, ularning stajirovkasini nufuzli xorijiy oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;

respublika iqtisodiyoti tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy qilishni rag‘batlantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish;

ta'lim va ilm-fanning uzluksizligi va izchilligi tamoyili, shuningdek, jahon ta'limi va ilmiy hamjamiyatga uyg‘un integratsiyalashuvi asosida mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish.

Belgilab qo‘yilishicha:

Filial nodavlat oliy ta'lim tashkiloti hisoblanadi;

Filialda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlari talablari inobatga olingan, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fan dasturlariga muvofiq ingliz, rus va o‘zbek tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

Filialda bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllari hamda magistratura bo‘yicha kadrlar tayyorlash amalga oshiriladi;

Filialga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish Universitet hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishgan holda Filial tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi va Malayziyada oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi;

Filialga Universitet tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan ijrochi direktor rahbarlik qiladi;

Filialda talabalar o‘qishi uchun to‘lov-kontrakt mablag‘lari miqdori Universitet tomonidan belgilanadi;

Filialga belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan litsenziya olingandan so‘ng ta'lim faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi.

Filial Xorazm viloyati, Urganch shahar, A. Bahodirxon ko‘chasi, 195-uy manzilidagi Urganch davlat universitetining bino va inshootlarida tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Bunda mazkur bino va inshootlar hamda unga tegishli hududni saqlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar, jumladan, kommunal to‘lovlar Filial mablag‘lari hisobiga qoplanadi.

Mavzuga oid