O‘zbekiston | 12:27 / 23.09.2020
75471
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahar IIBB «hijobdagi ayollar ushlangani» haqidagi videoga izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda ro‘mol o‘ragan ayollar ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan ushlanib, maxsus avtobusga olib kirib ketilgani haqida videomurojaat tarqaldi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati ushbu videomurojaat yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Qayd etilishicha, videomurojaatdagi fikrlar haqiqatdan yiroq. 

«Ro‘mol o‘ragan ayollarga hech qanday ozor berilayotgani yo‘q, bunday topshiriqlar bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham», - deyiladi IIBB ma'lumotida.

Qayd etilishicha, ayollarni avtobusga taklif qilishdan maqsad – koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan xavfsizlik me'yorlariga rioya qilish muhimligi haqida santariya-epidemiologiya nazorati xizmati va profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik suhbatlar o‘tkazilishi bo‘lgan.

«Jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lgan fuqaro S.N. va N.R. sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari va profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik suhbat o‘tkazilishi uchun avtobusga chiqayotgan vaqtlari video muallifi tomonidan tasvirga tushirilgan. Videodagi voqea 21 sentabr kuni taxminan soat 19:25 da Shayxontohur tumani G‘uncha massivi hududida ro‘y bergan.     

Hurmatli fuqarolar! Internetga video joylab, unga o‘z fikrlaringizni qo‘shishdan oldin aslida nima bo‘layotgani haqida qiziqib ko‘rishingizni so‘raymiz. Avtomobil ichida o‘tirib olib, o‘z mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashishingizni to‘g‘ri ish deb bo‘lmaydi. Agar video muallifi avtobusdagi ayollardan xavotirda bo‘lganida, xodimlarning yoniga borib, nima bo‘layotgani haqida qiziqib ko‘rgan bo‘lmasmidi?

Shu bilan birga, shahrimiz aholisi va mehmonlariga koronavirus xavfi hanuz dolzarbligini eslatib o‘tmoqchimiz. Ko‘pchiligimiz kasallikni boshdan o‘tkazdik, kimdir koronavirus tufayli yaqin insonini yo‘qotdi. Hayotingiz va sog‘lig‘ingizni xavf ostiga qo‘ymang, santariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qiling», - deyiladi IIBB izohida.

Mavzuga oid