Light | 17:47 / 23.09.2020
36028
7 daqiqa o‘qiladi

Uyqu: salomatlikda suv va havodek zarurat

70 yil yashagan odam umrining 30 yilga yaqinini uyquda o‘tkazadi, umrimizning ko‘p qismini uxlab boy beryapmiz, degan gaplarni ko‘p eshitamiz. Lekin inson organizmi uchun uyquning ahamiyati nihoyatda katta va faqat shu jarayondagina o‘z qobiliyatini tiklay oladi. O‘rta yoshdagi sog‘lom odamda 3-5 sutka uxlamaslik qaytmas jarayonlarga olib keladi. Bolalar va keksalarda bu muddat yanada qisqa.

Foto: Fotolia

2020 yil insoniyat uchun sinovlar va salomatlikka e'tibor yili bo‘ldi, deb aytish mumkin. Koronavirus pandemiyasi davrida hamma hadikda yashadi va yashamoqda. Bunday davrda sog‘likka aloqador har qanday jarayon yaxshilab o‘rganishga arziydi. Shu jumladan uyqu ham.

Uyqu haqida 10 fakt

1. 8 soatlik qoida

8 soat uxlash shart, degan qoida haqida hammamiz eshitganmiz. Aynan 8 soat deyilishiga qanday asoslar bor? Qator tadqiqotlarda inson salomatligi uchun aynan mana shuncha vaqt davom etuvchi uyqu zarurligi o‘z tasdig‘ini topgan. Muntazam ravishda bundan kam uxlovchilarda turli kasalliklarga chalinish ehtimoli ortgan.

Faqat olimlar bir masala ustida ko‘p bahslashadilar – uyqu buzilishi kasalliklarga sabab bo‘ladimi yoki turli kasalliklar belgisi sifatida uyqu buzilishi paydo bo‘ladimi?

Bolalar uchun 11 soat, go‘daklar uchun 18 soatgacha uyqu zarur.

2. Uyqu buzilishi nimalarga olib keladi?

5 mln.dan ortiq ko‘ngillilar ishtirok etgan 153ta tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatganki, uyquda pala-partishlikka yo‘l qo‘yganlar qandli diabet, qon bosimi oshishi, yurak-qon tomir kasalliklari va ortiqcha vaznga juda moyil bo‘ladilar.

Ketma-ket bir necha kechada uyquning keskin buzilishiyoq diabet oldi holatiga olib keladi. Uyqu buzilishi vaksinalar samarasini kamaytiradi, immunitet susayishiga olib keladi – bu jihatlar ayniqsa bugungi kunda e'tiborga molik.

Tadqiqotlar 7 soatdan kam uxlagan inson shamollashga ko‘proq chalinishini isbotlagan. Yana bu holat miya faolligining susayishi va aqliy zaiflikning dastlabki belgilari paydo bo‘lishiga olib keladi.

 

Ma'lumot uchun: Olimlar uyquning ahamiyatini oddiyroq tilda “sizning kun davomida to‘plangan salbiy axborotlaringiz aynan uyquda o‘chiriladi” deya tushuntirishadi.

3. Uyquning ham turlari bor

Uyqumiz ham bir necha bosqichdan iborat va ularning har biri 60-100 daqiqa davom etadi.

Dastlabki bosqich – mudrash uyqu va uyg‘oqlik orasidagi vaqtdan iborat. Bunda nafas, puls sekinlashadi, mushaklar bo‘shashadi.

Keyin yarim chuqur uyqu jarayoni boshlanadi. Bunda inson uxlaydi, lekin ayrim axborotni qabul va tahlil qilish ortidan o‘zini uyg‘oqdek hisoblaydi.

Uchinchi, asosiy bosqich – chuqur uyqu aynan eng muhim, uzoq davom etuvchi va inson hech narsani sezmaydigan jarayon.

Ko‘pchilik chuqur uyquda tush ko‘riladi, deydi. Aslida tushlar ikkinchi yoki uchinchi bosqichda emas, chuqur uyqudan keyin qaytilgan yengil bosqichda ko‘riladi.

Yakunda inson tez uyqu bosqichini ham o‘tkazadi.

4. Tungi smena ishchilari ehtiyotkor bo‘lishlari lozim

Almashinuvchi grafik asosida ishlovchilar, ya'ni tungi smenada turuvchilarda diabet va ortiqcha vaznga chalinish ehtimoli ortadi. Shuningdek ularda surunkali kasalliklar ham ko‘proq kuzatiladi. Yana o‘tirib ishlovchilarga uyqu ritmining buzilishi nisbatan kuchli ta'sir qilishi ham isbotini topgan.

5. Biz hozir kamroq uxlayapmizmi?

Zamonamiz odamlari kamroq uxlashyapti, degan tushuncha mavjud. Ammo bu butunlay to‘g‘ri emas. Hamma davrlarda ham o‘z vaqtida uxlovchilar, kam uyqular, pala-partish uxlaydiganlar yoki bu jarayonni cho‘zib yuborguvchilar bo‘lgan.

Shunchaki bizning zamonamizga kelib uyqu vaqtini “o‘g‘irlovchi” vositalar ko‘paydi.

6. Har doim ham hozirgi tartibda uxlamaganmiz

Bugungi kunga kelib deyarli hech kim shomdan keyin uxlashni tasavvur qila olmaydi. Hatto aksariyatimiz uchun aynan shomdan keyin faol hayot boshlanadi.

Ammo ajdodlarimiz odatda shom namozini o‘qib, ya'ni kun botishidan keyin ko‘p o‘tmay uxlashgan va bomdod namozidan oldinroq uyg‘onib, xuftonni o‘qiganlar. Keyin bomdod o‘qilgan va tong qarshilangan. Kun yorishgan paytda kamdan-kam odam uxlab yotgan, quyosh chiqqanda uxlash esa aqlga sig‘magan.

7. Smartfonlar omili

Bugun qaysi birimiz uyqu oldidan smartfon titkilamaymiz?

Ayniqsa, kamida 10 soat uxlashi shart bo‘lgan o‘smirlarda bu odat juda keng tarqalgan. Telefon, noutbuk, televizorlardan tarqaluvchi nurlar uyqu sifatiga salbiy ta'sir qilishi allaqachon isbotlangan.

Mutaxassislar uyqudan 90 daqiqa oldin barcha qurilmalarni o‘chirishni tavsiya qiladilar. Lekin tan olaylik – biz baribir bu tavsiyalarga amal qilmaymiz...

8. Uyqudagi muammolar

Uyqu jarayonida ham organizm ayrim muammolarni namoyon qila oladi. Xususan, to‘satdan nafas qisishi va havo yetishmasligi ortiqcha vazndan darak bersa, pala-partish tushlar ortidan cho‘chib uyg‘onish turli gadjetlarga ruju qo‘yish belgisi hisoblanadi.

Shuningdek, uzoq vaqt uxlay olmaslik ham allaqachon nevropatolog chorlayotganidan dalolatdir.

9. Turli hududlarda turlicha

Turli qit'a va davlatlarda uxlash odati ham farqlanadi. Hatto qishloq va shaharliklar bu jarayonga turlicha yondoshadilar.

Yevropa davlatlarining aksariyati, Lotin Amerikasi qit'asiga kunduzi 1-2 soatlik uyqu (siyesta) odati xos bo‘lsa, osiyoliklar ertaroq uxlash va ertaroq turishni ma'qul ko‘radilar.

Shaharliklar ko‘ngilochar maskanlar va imkoniyatlar tufayli qishloqliklarga nisbatan kechroq uxlashlari tabiiy holga aylangan.

Shuningdek, turli davlatlarda kun va tun davomiyligi turlicha ekanligi uyqu vaqtiga ham o‘z ta'sirini o‘tkazgan.

10. Erta va kech uyg‘onuvchilar

Odamlar bu borada ikki toifaga bo‘linadilar: erta yoki kech uyg‘onuvchilar.

Umuman olganda, taxminan 30 foiz insonlar erta turuvchilar, 30 foizi kech uyg‘onuvchilar, qolgan 40 foizi o‘rtaliqdagilardir.

 Sog‘lik uchun vaqtida va yetarlicha uxlashning ahamiyati beqiyos. Buni bir misol bilan tushuntirish mumkin – eng og‘ir holatdagi bemorlar salomatligi aynan chuqur uyqu yordamida saqlab turiladi va shu jarayonda muolajalar olib boriladi.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid