O‘zbekiston | 15:18 / 24.09.2020
3836
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari global hayotda qanday aks etadi?

COVID-19 pandemiyasi sababli jahon hamjamiyati mutlaqo yangi obektiv reallik bilan yuzma-yuz qolmoqda. Aksariyat mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi, ta'lim va bandlik tizimi kabi sohalarda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy muammolar aholini qattiq tashvishlantirmoqda. Shu sababli, jahon hamjamiyati oldida turgan kechiktirib bo‘lmas vazifalarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasida onlayn muhokama qilish imkoniyati barcha a'zo davlatlar uchun o‘ziga xos muloqot maydoni sifatida ayni muddao bo‘lmoqda. 

Kuni kecha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev nutq so‘zladi. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan global tashabbus va takliflar O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning oddiy a'zosi emas, balki bugungi tahlikali va murakkab vaziyatdan chiqish bo‘yicha faol tashabbuskor a'zosi sifatida namoyon qildi.

O‘zbekiston global miqyosdagi koronakrizisni yengishda davlatlarning o‘zaro hamkorlik, bilim va tajriba almashinuvi bo‘yicha say'-harakatlarni birlashtirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha muhim 11 ta konvensional va institutsional tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, global miqyosdagi muammolarni hal etishga qaratilgan quyidagi 3 ta muhim xalqaro huquqiy hujjatni ishlab chiqish va qabul qilishga oid tashabbus e'lon qilindi:

1.  Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks;

2.  Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta'minlashda parlamentlar rolini oshirish to‘g‘risidagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi;

3. Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi.

Mazkur huquqiy hujjatlar mintaqaviy va global muammolarni hal etishda umumiy mas'uliyat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Jumladan, pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va kasallik tarqalishining salbiy oqibatlarini yengib o‘tishda barcha davlatlarning birgalikda harakat qilishiga qaratilgan. Dunyo pandemiya natijasida juda katta muammolarga duch keldi. Jumladan, ta'lim tizimini olaylik, pandemiya sharoitida ijtimoiy saqlanish hozirgacha koronavirus infeksiyasini oldini olishning eng samarali usuli bo‘lganligi sababli, maktab va oliy ta'lim tizimida juda katta bo‘shliqlar yuzaga keldi. Aksariyat rivojlanmagan davlatlarda masofaviy ta'limning moddiy-texnik ta'minoti to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi va insonlarning og‘ir iqtisodiy ahvoli ko‘plab yoshlarning ta'lim olish huquqlarini cheklanishiga olib keldi. Birgina oliy ta'lim tizimida talabalar soni 3,5 % ga, ya'ni 7,9 millionga kamayishi mumkin.

 Bundan tashqari bandlik sohasida vujudga kelgan muammolar bevosita kambag‘allik va qashshoqlikning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatayaptiki, Yer sayyorasidagi ishchilarning 18 % gina onlayn rejimda ishlashi mumkin. Yoki yana bir raqam: yer yuzidagi ishchilarning deyarli yarmidan ko‘p qismi norasmiy mehnat faoliyatini olib boradi. O‘z o‘zidan ayonki, davlatlar mazkur muammolarni hal etishda fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro institutlar bilan o‘zaro sa'y-harakatlarini birlashtirish va yakunda har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini, salomatligi va farovonligini ta'minlaydigan yaxlit tizim yaratish maqsadga muvofiq. Shu sababli, yuqorida qayd etilgan kodeksni qabul qilish va unda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlarini qat'iy aks ettirish muhim hisoblanadi.

BMT rahbarligida butun insoniyatga daxldor xatarlarga qarshi kurashga oid quyidagi tashkiliy tuzilmalarni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi:

1.  Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazi;

2.  Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita.

Markaziy Osiyoda so‘nggi yillarda hukm surayotgan o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhitini yanada rivojlantirib, mintaqaning global iqtisodiy, transport va tranzit yo‘laklariga chuqur integratsiyani ta'minlash maqsadida  Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini tashkil etish  to‘g‘risidagi O‘zbekiston tashabbusi yurtimizning Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy barqarorligidan manfaatdor ekanligini anglatib, barcha davlatlar bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli sheriklikka tayyorligini namoyon etmoqda.

Nafaqat mintaqa, balki butun dunyoni tashvishga solayotgan ikki millionga yaqin odamlar uning qurboniga aylangan afg‘on muammosi bo‘yicha O‘zbekiston tinchlikparvar va bunyodkorlik siyosatini izchil amalga oshirib kelmoqda. 2018 yil mart oyida o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi Toshkent konferensiyasi amaliy natijalarni ko‘rsatib, joriy yilda Doha shahrida afg‘on siyosiy kuchlari o‘rtasida tinchlik muzokaralari boshlanganligi jafokash afg‘on xalqining qalbiga umid bag‘ishlamoqda. O‘zbekiston Afg‘onistonda elektr uzatish tarmog‘i va temir yo‘l qurilishi kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali iqtisodiy integratsiya jarayonlariga faol investitsiya jalb qilmoqda. O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish orqali aynan mazkur xalq vakillari ishtirokida Afg‘oniston mojarosini hal qilishga yo‘naltirilgan aniq strategik yo‘nalishlar ishlab chiqish va amalga oshirishga zamin yaratiladi.

Mutaxassislar fikricha, koronavirus pandemiyasi, ekologik ofatlar va dunyoda yuz berayotgan turli urushlar kelgusida qashshoqlik va kambag‘allikning keskin ortishiga sabab bo‘ladi. Bu esa davlatlardan jamiyatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tengsizlikning oldini olish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rishni taqozo qilmoqda. Shu sababli, davlatimiz rahbari strategik jihatdan koronavirusdan keyingi o‘n yilliklarning eng dolzarb muammosi – qashshoqlik va kambag‘allikni global hayotning kun tartibida muhim masalalardan biri bo‘lib qolishi lozimligini uqtirmoqda.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar COVID-19 kabi global muammolarga hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining o‘zaro sa'y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas'uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda rivojlantirish orqali erishish mumkinligini yana bir bor tasdiqlab bermoqda. Davlatimiz rahbari aynan hozir xalqaro hamjamiyatning samarali hamkorligi har qachongidan muhim ekanligini muhim tashabbus va takliflari orqali jahon hamjamiyatiga yetkazdi.

Dildora Umarxanova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik
 fakulteti dekani,

Bekzod Narimonov,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik
 fakulteti dekani o‘rinbosari

Дилшод Абдуқодиров
Tayyorlagan Дилшод Абдуқодиров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid