O‘zbekiston | 12:38 / 24.09.2020
28324
2 daqiqa o‘qiladi

«To‘yib ovqatlanmaydiganlar ulushi». O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich qanday?

To‘yib ovqatlanmaydiganlar ulushi reytingida O‘zbekiston ma'lumotlari ijobiy tomonga o‘zgardi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekistonda “To‘yib ovqatlanmaydiganlar ulushi” ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqildi. 

Davlat statistika qo‘mitasining Kun.uz’ga xabar berishicha, bunga sabab 2019 yilning 10-12 dekabr kunlari Toshkent shahrida FAO ekspertlari bilan o‘tkazilgan seminarda Statistika qo‘mitasi mutaxassislari O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari bo‘yicha e'tiroz bildirib, FAO eksperti Dorian Kalamveros Navarro bilan bahs-munozara olib borgandi. 

Natijada, FAO mutaxassislari Davlat statistika qo‘mitasi vakillarining keltirgan aniq isbot-dalillariga ko‘ra, O‘zbekistonning “To‘yib ovqatlanmaydiganlar ulushi” ko‘rsatkichini 2014 yildan boshlab, New Food Balance Sheet asosida qayta ko‘rib chiqdi. Qayta hisoblash natijasida ko‘rsatkichlar 2016-2018 yillar uchun 2,8 foiz (0,9 mln. kishi) va 2017-2019 yillar uchun 2,6 foiz (0,8 mln. kishi)ni tashkil etdi. 

Bu ma'lumotlar 2020 yilning 13 iyul kuni bo‘lib o‘tgan “Jahondagi oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish holati 2020” (SOFI – 2020) hisoboti onlayn yig‘ilishida hamda FAO rasmiy sayti orqali e'lon qilindi.

FAO ekspertlari 2019 yilgi (SOFI – 2019) yig‘ilishida O‘zbekistonning 2016-2018 yillarda to‘yib ovqatlanmaydiganlar ulushi ko‘rsatkichlarini 6,3 foiz (2,0 mln. kishi) deb e'lon qilgan edi. Bu ko‘rsatkich bilan O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Qozog‘iston (2,1 foiz) va Turkmaniston (5,4 foiz)dan keyin uchinchi o‘rinni egallagan.

Mavzuga oid