Jamiyat | 23:15 / 25.09.2020
24351
4 daqiqa o‘qiladi

Botulizm: yana bir xavfli mavsumiy kasallik

Oziq-ovqat mahsulotlaridan zaxarlanishlarning ichida juda og‘ir kechadigan kasalliklardan biri botulizmdir. Uning xavfli jihatlari nimada?

Foto: 123RF

Botulizm tayoqchasi anaerob, ya'ni kislorodsiz sharoitda o‘sadigan mikroblar oilasiga mansub. Bu mikroblar spora (qobiq) hosil qilish xususiyatiga ega bo‘lgani sababli tashqi muhit ta'sirlariga juda chidamli bo‘lib, qaynatganda ham o‘lmaydi, 120 daraja haroratda 30 daqiqada, sporasi 20 foizli zararsizlantiruvchi formalin ta'sirida 24 soatda jonsizlanishi mumkin. Bu mikrob toksini me'da va ichak shirasi ta'sirida o‘z kuchini yo‘qotmaydi, u qonga so‘rilib, inson organizmini zaxarlaydi. Botulizm bakteriyasi tashqi muhitda quruq sharoitda, tuproqda uzoq yillargacha saqlanadi.

Botulizm kasalligi asosan uy sharoitida tayyorlangan dudlangan baliq va go‘sht, sabzavot va meva konservalarini iste'mol qilish oqibatida kelib chiqadi. Aholi o‘rtasida botulizm bilan xastalanish asosan noyabr oyidan boshlanib, may oyigacha, ya'ni uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste'mol qilish davrida qayd etiladi. Botulizm bilan kasallanish hollari tahlil qilinganda, asosan uy sharoitida tayyorlangan marinadlangan bodring, pomidor, patisson, qalampir, qo‘ziqorin, karam konservalari, baqlajon ikrasi va dudlangan baliq kabi mahsulotlarni iste'mol qilish kasallik kelib chiqishiga sababchi bo‘layotganligini ko‘rsatmoqda.

Kasallikning klinik belgilari to‘satdan boshlanib, bemorlar xastalik boshlangan vaqtini aksariyat hollarda aniq aytadilar. Botulizm holsizlanish, bosh og‘rig‘i, og‘iz qurishi bilan boshlanadi. Ba'zida ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh aylanishi va 1-2 marotaba ichning suyuq ketishi kabi kasallik belgilari qisqa vaqt kuzatiladi. Bundan tashqari, to‘sh suyagi ortida og‘riq kuzatilib, tez-tez kekirish paydo bo‘ladi.

Shu o‘rinda og‘riq va damlanish hollari ham uchraydi. Qayt qilish va ich ketishi qisqa vaqt davom etib, nevrologik belgilar boshlanganidan so‘ng odatda yo‘qoladi. Ich ketishi to‘xtab, qabziyat yuzaga keladi, me'dadan ozuqa moddasi evakuatsiyasi sekinlashib, hatto to‘xtab qolishi mumkin. Ko‘z oldida ''tuman'', ''parda'' paydo bo‘lishi, bitta buyum ikkita bo‘lib ko‘rinishi, ko‘z sohasining harakati cheklanishi, qorachiqlar kengayib, ko‘z qovoqlarining ikki tomonlama qisilishi, yutinishning qiyinlashuvi yoki umuman amalga oshmay qolishi, ovoz o‘zgarib pasaya borishi va tiniqligi yo‘qolishi, og‘ir ahvollarda esa bemorning gapiga tushunib bo‘lmaslik kabi kasallikning nevrologik belgilari yaqqol namoyon bo‘ladi.

Botulizm bilan kasallanishning oldini olish uchun quyidagi oddiy qoidalarga qat'iy rioya qilishni tavsiya etamiz:

  1. Bozorlarda va aholi gavjum bo‘ladigan joylarda fuqarolar tomonidan uy sharoitlarida tayyorlanib, noqonuniy ravishda sotilayotgan, sifati kafolatlanmagan dudlangan go‘sht va baliqlarni hamda sabzavot-meva konserva mahsulotlarini xarid qilmang. Shaxsiy xonadonlarda tayyorlangan bu kabi mahsulotlar kasallik keltirib chiqarishi mumkinligini unutmang;
  2. Oziq-ovqat do‘konidan go‘sht, baliq, qo‘ziqorin va sabzavot-meva konserva mahsulotlarini hamda dudlangan go‘sht va baliq mahsulotlarini xarid qilishdan oldin ushbu mahsulotlarning yorliqlari va muvofiqlik sertifikatlari borligiga e'tibor bering;
  3. Do‘konlar va bozorlardan saqlash muddatlari o‘tgan, yorliqlari yo‘q, idishlarining butunligi buzilgan, qopqoqlari shishgan, hamda muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan konserva mahsulotlarini aslo xarid qilmang;
  4. O‘zingizda yoki yaqinlaringizda kasallikning yuqorida qayd etib o‘tilgan alomatlarini sezsangiz, zudlik bilan eng yaqin tibbiy muassasaga murojaat etishni unutmang. Shifoxonada o‘z vaqtida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam bemorning sog‘ayib ketishiga imkon beradi.

Mahmud Shodiyev, oliy toifali shifokor-epidemiolog

Mavzuga oid