Jahon | 08:32 / 27.09.2020
10315
4 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus jahon siyosati va tibbiyotidagi zaif jihatlarni ko‘rsatib qo‘ydi

Foto: EPA/Vostock-photo

Tibbiyot tarixida pandemiya rasman ilk bora qayd etilmoqda. To‘g‘ri, yigirmanchi asr boshida «ispanka» deb nom olgan gripp ham tarqalgan va undan millionlab odamlar qirilib ketgan. Ammo bu pandemiya keyinroq, jahon tibbiyoti umumlashib, ma'lum tizimga solinganidan keyingi o‘rganishlar natijasida qayd etilgan. Koronavirus esa barchasi aniq qoidalarga asosan harakatlanuvchi deya baholangan zamonaviy tibbiyot qayd etgan ilk pandemiya bo‘ldi va hammani murakkab ahvolga tushirib qo‘ydi.

Xo‘sh, dunyo meditsinasi va umuman siyosatining qanday zaif nuqtalari sezilib qoldi:

1. Virusning kelib chiqishi bo‘yicha taxminlarning o‘ziyoq gigant davlatlar o‘rtasida jarlik hosil qildi. AQSh darhol Xitoydan gumonsiradi, Xitoy hammasini rad etdi va boshqa davlatlarni ishni to‘g‘ri tashkillashtira olmaslikda aybladi. Bahslarga qaramay bu borada yakuniy to‘xtamga kelinmadi. Virusning kelib chiqishi bo‘yicha hamon har xil qarashlar mavjud;

2. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) amalda uzil-kesil qaror chiqara olmaydigan, shunchaki tavsiyalar beruvchi va real kuchga ega bo‘lmagan tashkilot ekanligi ma'lum bo‘lib qoldi. Hatto uning tavsiyalari ham ko‘p davlatlar tomonidan turlicha qabul qilindi. AQShdek qudratli davlat hatto bu tashkilotni tark etishini bildirdi va uning kelgusi taqdiri yanada mavhumlashdi;

3. Davlatlar hatto butun insoniyat uchun real xavf qarshisida ham birlasha olmasligi ayon bo‘ldi. Hamma o‘zicha harakat qildi, kasallik yagona bo‘lsada, unga qarshi kurashda haqiqiy hamjihatlik kuzatilmadi, hatto kasallik kirib kelishida qo‘shnisini ayblaganlar ham bo‘ldi;

4. «Darvozamni taqa-taq yopib olaman va o‘z uyimni himoya qilaman» degan prinsip o‘zini oqlamadi. Chegaralar har qancha mustahkamlanmasin, bu virus kirib bormagan va tarqalmagan davlat qolmadi, bil'aks, to‘siqlar qo‘yishlar ortidan iqtisod aql bovar qilmas darajada zarar ko‘rdi;

5. Vaksina yaratish bo‘yicha ham o‘ziga xos poygaga kirishildi va kuchlar birlashtirilmadi. Butun odamzod ro‘baro‘ kelib turgan xavf qarshisida ham daromad va obro‘ ketidan quvilaverdi;

6. Dorilar masalasida ham yakuniy to‘xtamga kelinmadi. Virus yagona bo‘lsada (albatta, kichik guruhdagi shtammlari hisobga olinadi) bir yilga yaqin vaqt o‘tyaptiki, jahon tibbiyoti unga qarshi birorta samarali dori vositasi bilan maqtana olmaydi. Kamiga bir necha bir-biriga zid uslublar paydo bo‘ldi va bir-birini rad etdi;

7. Yer sharining aksariyat aholisi elementar gigiyena qoidalariga amal qilishni bilmasligi yoki amal qilishiga sharoit yo‘qligi bilinib qoldi. Haligacha juda ko‘pchilik tomonidan niqob jarima yozilmasligi uchun, dezinfeksiya va qo‘lni yuvish majburiyat bo‘lgani uchun amalga oshirilmoqda.

Eng muhimi – BMT, JSST kabi tashkilotlar insoniyatni sarosimadan qutqara oluvchi, tanazzulga uchrayotgan qator sohalarga yo‘l ko‘rsatuvchi aniq va samarali dasturni ko‘rsata bilmadi hamda bunday kasalliklar qarshisida ojizliklarini sezdirib qo‘ydi.

Abror Zohidov.

Mavzuga oid