O‘zbekiston | 18:42 / 29.09.2020
37763
2 daqiqa o‘qiladi

Xonobod shahri hokimi vafot etdi

Andijon viloyatining Xonobod shahri hokimi Musaxon Mamadaliyev pnevmoniyaning navbatdagi qurboniga aylandi.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati Xonobod shahri hokimi vafoti haqida xabar bergan.

«Bugun, 29 sentabr kuni Andijon viloyati Xonobod shahar hokimi Mamadaliyev Musajon Mo‘minjonovich vafot etganligi munosabati bilan Andijon viloyat hokimligi marhumning oila a'zolari va yaqin qarindoshlariga chuqur ta'ziya bildiradi», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, u o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi kasalligidan vafot etgan.

Sentabr oyi o‘rtalarida Xonobod shahri hokimi Musaxon Mamadaliyev va Paxtaobod tumani hokimi Mahmudjon Bozorov sentabr oyi boshidan buyon ishga chiqmayotgani ma'lum bo‘lgandi. 

19 sentabr kuni Kun.uz saytida Andijon viloyatida 4ta hudud hokimi - Musaxon Mamadaliyev va Mahmudjon Bozorovdan tashqari Oltinko‘l tumani hokimi Nazirjon O‘rinboyev va Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonov pnevmoniyaga chalinib davolanayotgani haqida xabar berildi.

Eslatib o‘tamiz, 8 sentabr kuni Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimi G‘ayrat Begaliyev koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgandi. Iyul oyida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi Daulet Tolibayev koronavirus qurboni bo‘lgandi.

Mavzuga oid