Jahon | 08:22 / 03.10.2020
84739
5 daqiqa o‘qiladi

Tibbiyoti eng ilg‘or 7 davlat: ulardan 4tasi – Osiyo mamlakatlari

Pandemiya davrida jahon tibbiyotiga bo‘lgan e'tibor ham, bu sohaga tushgan mas'uliyat ham keskin oshib ketdi. Eng rivojlangan davlatlar sog‘liqni saqlash tizimlari ham murakkab holatga tushib qolgani bor gap. Shunga qaramay meditsina tizimi boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan darajadagi davlatlar bor va bugun ular haqida hikoya qilamiz.

Foto: iStock

Eslatib o‘tamiz, bu ro‘yxat qandaydir reytingni anglatmaydi. Sababi, tibbiyot taraqqiyotiga oid yakdil qabul qilingan reytinglar mavjud emas. Qaysidir tadqiqotlarda umr davomiyligi, boshqasida xizmat narxlari, yana birida esa aholi soniga nisbatan shifokor va shifoxonalar soni kabi tamoyillarga suyaniladi. Quyidagi davlatlar esa shu va boshqa jihatlar hisobga olingan holda yetakchilardir.

Yaponiya

Bu davlatda o‘rtacha umr davomiyligi allaqachon 85 yoshdan ortib ketgan va Yaponiyani haqli ravishda keksalar yurti deb atash mumkin. Yana bir qiziq fakt – bu davlatda 100 yoshni qarshilaganlar 80 ming nafardan ko‘proqni tashkil etadi. E'tiborlisi, yuzga yetgan 80 450 yaponiyalikdan 70 975 nafari (88 foiz) – ayollardir.

Tibbiyot tizimi kasallik profilaktikasiga nihoyatda jiddiy e'tibor qaratadi. Ko‘pchilik yapon tibbiyoti aholi uchun bepul, deb o‘ylaydi. Aslida bu davlatdagi tibbiy xizmatlar anchagina qimmat. Aholi tibbiy xizmatlarning 70 foizidan ortig‘ini qoplab berishi shart bo‘lgan tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lishlari kerak.

Germaniya

Nemis tibbiyoti jahon etalonlaridan biri hisoblanadi va dunyoning aksariyat davlatlaridan bemorlar shifo ilinjida Germaniyaga oshiqadilar. Tibbiyot juda qimmat, ammo sifat va natijalar bu jihatni chetga suradi. Reabilitatsiya, kardiologiya, kardioxirurgiya, onkologiya kabi sohalarda bu davlat shifokorlari har qanday hamkasblari bilan bellasha oladilar.

O‘z aholisi uchun tibbiy sug‘urta tizimi ishlaydi va faqat 10 foizga yaqin aholigina nodavlat sug‘urta kompaniyalar xizmatidan foydalanadilar. Fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi davlat sug‘urta tizimiga suyangan holda davolanadi.

Isroil

Yahudiylar aniq fanlarda ilg‘orliklarini isbotlaganlar. Bundan tibbiyot ham mustasno emas. Tibbiyot turizmi degan tushunchani industriya darajasiga ko‘targan davlatlardan biri va dastlabkilari qatorida Isroil turadi. Onkologiya, mikrojarrohlik, qon tomirlar jarrohligi, kardioxirurgiya sohalarida bu davlat tibbiyoti juda ilgarilab ketgan.

O‘z aholisi ko‘pchilik davlatlardagi kabi tibbiy sug‘urta asosida davolanadi. Aksi ham bo‘lishi mumkin emas – har qancha daromad qilmasinlar, zarur bo‘lganda tibbiy xizmatlar har qanday toifadagi fuqarolar uchun qimmatlik qiladi.

Shvetsiya

Skandinaviyadagi bu davlat o‘z fuqarolariga tibbiy xizmatlarni maksimal darajada tekin qilib bergani bilan maqtana oladi. Soliqlarni taqsimlashda sog‘liqni saqlash tizimi eng birinchi va ulkan ulushni oladi.

Dunyoning boshqa biror davlatida uchramaydigan bir misol – stomatologik xizmatlarning ham 19 yoshgacha bepulligi bu fikrning yaqqol isbotidir. Yana bir jihat – har bir dorixona umumiy tizimga ulangan va dori xarid qilish istagida bo‘lgan bemorga oid barcha ma'lumotlar dorixonalarda ham saqlanib qoladi.

AQSh

Dunyoning eng qudratli davlati tibbiyoti ham o‘ziga yarasha. AQSh ko‘plab boshqa sohalar singari meditsinaga ham butun dunyodan eng aqlli mutaxassislarni jalb qila olishi bilan e'tibor qozongan. Shifokorlar bu davlatda juda boy va obro‘li insonlardir.

Sug‘urtasi bo‘lmaganlar tibbiy tizimga juda qimmat haq to‘laydilar. Shunga qaramay dunyoning eng badavlat korchalonlari AQShning yetakchi klinikalarida davolanishni odat qilishgan. O‘z fuqarolariga ega esa turli tibbiy sug‘urtalar taklif etiladi.

Hindiston

Albatta, aholisining sezilarli qismi hali ham qashshoq bo‘lgan bu davlatda barcha fuqarolar ham sifatli tibbiy xizmatga yetisha olishmaydi. Ammo so‘nggi paytlarda Hindistonda xususiy tibbiyot jadal rivojlanmoqda va tibbiy turizmning asosiy yo‘nalishlaridan biri aynan shu davlat bo‘lib qolmoqda.

Operatsiyalar sifati boshqa davlatlardan qolishmasligi, narxlarning nisbatan arzonligi, qonunchilikdagi qulayliklar aksar rivojlanayotgan davlatlar, jumladan O‘zbekistondan ham yiliga ming-minglab bemorlarning bu davlatga oshiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Singapur

Osiyoning bu mitti shahar-davlatining qator boshqa sohalar kabi tibbiyoti ham yuksak rivojlangan. Aholining umr davomiyligi 84 yoshni tashkil qiladi. Bu davlatda har qadamda inson o‘z tanasini sog‘lomlashtirishi uchun imkoniyatlar bor – yugurish yo‘laklari, velosipedlar, suzish havzalari, jamoaviy mashqlarda shug‘ullanish ko‘pchilikning odatiga aylangan.

Ammo eng muhim jihat – davlatning tibbiyot tizimi uchun mablag‘ni ayamasligidir. 2030 yilga borib bu kichik davlatning tibbiy budjeti 44 milliard Singapur dollari (30 mlrd AQSh dollaridan ortiq) bo‘lishi kutilmoqda.

Abror Zohidov

Mavzuga oid