Jamiyat | 18:00 / 22.10.2020
4532
5 daqiqa o‘qiladi

TIQXMMI: Til taraqqiyotning tarozisi

Dunyodagi barcha mustaqil davlatlarning mavjudlik mezonlari haqida gap ketsa, dastavval, uning rasmiy tili ko‘z oldimizda gavdalanadi. Shulardan biri uning tilidir. Darhaqiqat, millatning millat, xalqning xalq ekanini bildiruvchi eng muhim belgi uning davlat tilidir. Mutaxassislarning fikricha, dunyoda 7000 til bo‘lsa, ularning aksariyati o‘lik tilga aylanib borayotgani ham rost. Tabiiyki, iste'molda bo‘lmagan til, istifoda etilmagan so‘z tanazzulga yuz tutadi.

Muhtaram Prezidentimiz Mirziyoyev Shavkat Miromonovich o‘tgan yili 21 oktyabrda Toshkent Ishbilarmonlar markazida, Kongres Xollda ilk bor Davlat tiliga bag‘ishlangan katta anjumanda «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonga imzo chekkanlarini aytib hammamizni ruhlantirgan edilar.

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganligining 31 yilligi hamda O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan respublikamizning turli viloyat, tuman va shaharlarida xuddi shu sana munosabati bilan ma'rifiy tadbirlar o‘tkazilayotgani ham quvonarlidir.

Ana shunday ma'rifiy tadbirlardan biri 20 oktyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida onlayn tarzda tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentining mudiri, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda institut rahbariyati, professor o‘qituvchilar, talaba, magistrant va mehmonlar ishtirok etishdi. Jami 1000ga yaqin qatnashuvchilar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirga institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ruzimurat Choriyev moderatorlik qildi.

Tadbir avvalida institut rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevich barchani bayram bilan samimiy tabrikladilar. So‘ngra A.K.Qirg‘izboyev departament tomonidan amalga oshirilgan bir qator ishlar borasida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdilar.

Davlatimiz rahbarining «Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e'tiborni mustaqillikka bo‘lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak», - degan fikrlari hayot uchun yo‘llanma, taraqqiyot uchun qo‘llanma bo‘lishi aniq.

Bugungi kunda Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Atamalar komissiyasining davlat tilining rivoji va uning targ‘iboti, ommalashtirish borasida bir qator amaliy, ijobiy ishlarni amalga oshirayotganini ta'kidlash o‘rinlidir.

«Til – taqdirimiz, tariximiz taqozosi, taraqqiyot tarozisi» deb nomlangan adabiy-ma'rifiy tadbirda talabalar o‘z ijodlaridan namunalar o‘qib berishdi, ba'zi talabalar esa tilga bag‘ishlangan videoroliklarini namoyish etishdi.

Qaynar buloqning zilol suviga tashnalik tabiiy hol. Suv ekinning joni va qoni bo‘lsa, so‘z insonning armoni va moyayi darmonidir. Har ikkalasi ham insoniyatga zarur. Suv tanaga oziq, so‘z esa ruhiyatga. Ma'rifatga oshna, ma'naviyatga tashna qalblarning tilimizga, qadriyatlarimizga mehr-muhabbati yuqori bo‘ladi. E'tiborning ehtiromga, ehtiromning e'zozga aylanishi fuqarolarimizning davlat tiliga bo‘lgan munosabatiga bog‘liq. Bu esa chin ma'nodagi insoniy va vijdoniy burchimiz bo‘lishi tabiiydir.

Zeroki, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, «Ona tilimiz – milliy ma'naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir».

Tilga munosabat faqat tilda, shiorlarda emas, balki amaliyotda bo‘lishi zarurligini Prezidentimiz qayta-qayta uqtirishlari bejiz emas. Davlat tilining ijtimoiy-iqtisodiy, rasmiy va siyosiy jarayonlardagi rolini oshirish bobida Prezidentimiz o‘rnak bo‘layotgani sir emas. BMTning Bosh assambleyasining 75-sessiyasida Oliy minbardan turib o‘zbek tilida nutq qilishlari xalqimizni va boshqa qardosh xalqlarni ham g‘ururlantirib yuborgani sir emas. Demak, hammamiz til va nutq madaniyatini to‘la o‘zlashtirsak, amalda qo‘llay olsak, Davlat tilining ijrosi amalda deganidir.

TIQXMMI Institut matbuot xizmati

Mavzuga oid