O‘zbekiston | 11:33 / 26.10.2020
41819
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik ish haqi to‘g‘risida ma'lumot berildi

Ta'lim sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi 1,9 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,8 foizga o‘sdi.

2020 yilning yanvar-sentabr oylarida yuridik shaxslarda ishlovchi xodimlarning 41,5 foiziga 1,3 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha, 17,5 foiziga 679,3 ming so‘mdan 1,3 mln so‘mgacha, 15,4 foiziga 2 mln so‘mdan 2,7 mln so‘mgacha o‘rtacha oylik ish haqi miqdori hisoblanganligi kuzatildi.

Davstatqo‘m xabariga ko‘ra, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan (679 330 so‘m) kam miqdorda ish haqi hisoblangan 0,6 foiz xodimlar korxona va tashkilotlarda to‘liqsiz ish kuni yoki to‘liq bo‘lmagan ish tartibida ishlashi bilan izohlangan.

Shu bilan birga, 2020 yil yanvar-sentabr oylarida korxona va tashkilotlarda o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori 34,5 mln so‘mni tashkil etganligi kuzatildi.

2020 yilning yanvar-sentabr oylarida o‘rtacha oylik ish haqining o‘sish sur'atlari o‘tgan yillardagi o‘sish sur'atlariga nisbatan sezilarli darajada pasayganligi kuzatildi.

O‘rtacha oylik ish haqi iqtisodiyotning turli sohalarida har xil miqdorlarni tashkil etadi.

Xususan, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan solishtirilganda, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida 30,2 foizga, ta'lim sohasida 24,7 foizga past ekanligi, shuningdek, moliya va sug‘urta sohasidagi ish haqi o‘rtacha respublika darajasidan 25,0 foizga, axborot va aloqa sohasi esa 67,4 foizga yuqori ekanligi kuzatildi.

Tahlillar natijasida iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi 2019 yilning mos davriga nisbatan o‘sganligi kuzatildi.

Jumladan, moliya va sug‘urta sohasida 31,8 foiz, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida 20,0 foiz, tashish va saqlash sohasida 17,2 foiz, qurilishda 16,3 foiz, savdoda 11,5 foiz, boshqa faoliyat turlarida 11,2 foiz, ta'limda 10,8 foiz, sanoatda 10,7 foiz, axborot va aloqa sohasida 8,0 foiz sezilarli o‘sish kuzatildi.

Ta'lim sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi 1,9 mln so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,8 foizga o‘sdi. Ushbu sohada respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri (41,7 foiz), Sirdaryo (4,0 foiz) hamda Toshkent (0,4 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Shu bilan birga, respublikaning qolgan hududlarida ta'lim sohasidagi o‘rtacha oylik ish haqi respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lganligi kuzatildi. Xususan, Qashqadaryo viloyati (89,7 foiz), Farg‘ona viloyati (90,5 foiz), Xorazm viloyati (91,8 foiz), Surxondaryo viloyati (95,1 foiz) va Samarqand viloyati (96,6 foiz) shular jumlasidandir.

Ta'limning barcha bosqichlari o‘rtasida yuqori ish haqi ko‘rsatkichi oliy ta'lim sohasida kuzatildi.

Ta'lim sohasidagi o‘rtacha ish haqi 2020 yilning iyul oyida 1,7 mln so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,7 foizga oshgan), avgust oyida 1,7 mln so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,8 foizga oshgan), sentabr oyida 2,1 mln so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,2 foizga oshgan) tashkil etdi.

Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi 1,7 mln so‘mni tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan 20,0 foizga oshdi.

Mavzuga oid