Iqtisodiyot | 12:46 / 29.10.2020
23183
3 daqiqa o‘qiladi

Bazaviy hisoblash miqdorini qo‘llash sohasi kengaytirildi

Prezidentning ayrim hujjatlariga bazaviy hisoblash miqdorini qo‘llash sohasini kengaytiruvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi.

Foto: Shutterstock

2019 yil 1 sentyabrdan boshlab eng kam ish haqi (EKIH) o‘rniga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (MHEKM), bazaviy hisoblash miqdori (BHM) va pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori (PHBM) amal qilmoqda. Shu munosabat bilan qonunlar va ayrim qonunosti hujjatlaridagi atamalarga tuzatishlar kiritildi. 
 
Norma’ning yozishicha, BHM quyidagilarni hisoblab chiqarishda ham qo‘llaniladi:

  • davlat mukofotlari (shu jumladan, mukofot pullari), idoraviy mukofotlar, jumladan unvonlar, esdalik va ko‘krak nishonlari uchun nazarda tutilgan mukofotlar miqdorlarini;
  • oziq-ovqat va yo‘lkira uchun xarajatlar qiymatini qoplash va shu kabi ayrim kompensatsiyalarni.

 Xususan, endi quyidagilarga BHMga karrali miqdorda kompensatsiyalar to‘lanadi:

a) quyidagilarga turar joy xizmati bo‘yicha kommunal va boshqa ko‘rsatilgan xizmatlar to‘lovi uchun - har yarim yilda bir marta BHMning 3 baravari miqdorida pul kompensatsiyasi to‘lovi uchun:

  • terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta'minlash chog‘ida olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan IIOlari xodimlariga;
  • qaramog‘ida terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta'minlash chog‘ida halok bo‘lgan IIOlari xodimlarining voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan shaxslarga.

b) obodonlashtirish bo‘linmalari xodimlarining oziq-ovqati uchun – BHMning 1 baravari.

Shuningdek, birja savdolarida paxta texnik chigitini realizatsiya qilish shartlariga tuzatishlar kiritildi:

  • ular tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar mahalliy korxonalarga sotiladi (ilgari – mulkchilik shakllari);
  • sotib oluvchilar to‘liq texnologik siklda - mag‘izni yanchish, gidrotermik ishlov berish, presslash, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash sexlarida qayta ishlab olingan tayyor mahsulotlar uchun tegishli gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega bo‘lishlari kerak;
  • chigitni to‘liq texnologik siklda maqsadli qayta ishlaganligi hamda zarur hujjatlarning mavjudligini Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tekshiradi.

 
Hujjat 27.10.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid