Jahon | 16:59 / 29.10.2020
18704
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonliklar Almatidagi AQSh konsulxonasi oldida namoyishlar uyushtirmoqda

Qozog‘istonning Olmaota shahridagi AQSh bosh konsulxonasi oldida 20 ga yaqin mahalliy faollar namoyish uyushtirdi. Ma'lum qilinishicha, ular AQShda «Borat» va «Borat-2» filmlarini namoyishini taqiqlashni talab qilishgan.

Foto : Zakon.kz

Yig‘ilganlar «Amerikada yashovchi qozoqlarni tahqirlashni bas qiling!» deb yozilgan plakat ko‘tarib olgan. Shuningdek, ular ramziy ma'noda film qahramoni «Borat»ni tobutga solib, AQSh bayrog‘i bilan o‘ralgan holda konsulxona oldiga olib kelishgan.

«Hech bir qozoq o‘z qiziga nisbatan bunday buzuqlik qilmagan, bu hurmatsizlik. Biz AQSh elchixonasidan bu film namoyishini to‘xtatishini so‘raymiz. Axir, ular bizni mehmondo‘st va yaxshi xalq ekanligimizni biladiku… Agar film ko‘rsatmoqchi bo‘lsang, yaxshi film ko‘rsat», – deydi faollardan biri.

Namoyishchilardan yana biri esa «Borat» muallifi Sasha Baron Koen filmda Qozog‘iston nazarda tutilmaganini ta'kidladi. «Agar Sasha Baron filmda qozoqlarni nazarda tutmagan bo‘lsa, film namoyishini bekor qilsin», – deydi u.

Shuningdek, faollar petitsiya imzolab, uni bosh konsulxona olib qolishini talab qilishgan. Lekin namoyishchilar oldiga hech kim chiqmagach ular «Amerika sharmanda!» deya baqira boshlagan. To‘planganlar konsullik petitsiyani qabul qilmagunicha tarqalmasligini ma'lum qilishgan.

Avvalroq 23 oktabr kuni ham almatiliklar AQSh konsulligi oldida to‘planib, diplomatlarga «Borat» filmining ikkinchi qismini namoyish qilinishiga qarshi petitsiyani topshirgan edi. Bundan tashqari ular film muallifi va aktyor Sasha Baron qozog‘istonliklardan uzr so‘rashini talab qilgan.

Diplomatlar o‘sha kuniyoq bu filmning yaratilishida AQSh hukumati ishtirok etmaganini aytib, petitsiyaga munosabat bildirishgan.

Xorijiy nashrlarning yozishicha, filmda respublikachilar va shaxsan AQSh prezidenti Donald Tramp hamda uning saylovlardagi raqibi Jo Bayden oilasining xulqi ham tanqid ostiga olingan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid