Jahon | 09:48 / 01.11.2020
5022
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada mehmonxonalarda yashaganlik uchun soliq olinadi

Turkiyada 1 noyabrdan mehmonxonalarda yashaganlik uchun soliq kiritilmoqda. Biroq mamlakatning turizm sohasida pandemiya sababli turizm sohasi chuqur inqirozni boshdan kechirayotgani sababli uning kiritilishi keyinroqqa qoldirilishiga umid qilinmoqda.   

Dastlabki rejaga ko‘ra, ushbu soliq 1 apreldan mehmonxonada turish haqining 1 foizi miqdorida olinishi, 2021 yil 1 yanvardan esa 2 foizgacha oshirilishi kerak edi. Biroq mart oyida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an pandemiya sharoitida sayyohlik biznesini qo‘llab-quvvatlash chorasi sifatida ushbu soliq kiritilishi noyabrgacha qoldirilishini e'lon qilgandi.   

Yangi soliqni mehmonxonada xonani onlayn-platformalar orqali yoki bevosita mehmonxona resepshenida mustaqil buyurtirgan sayyohlar to‘laydi. Turkompaniyalar orqali sayohat qiluvchilar uchun ushbu soliq turpaket narxiga avtomatik ravishda qo‘shiladi.

Turkiya otelerlari federatsiyasi rahbari Osman Ayiqning ta'kidlashicha, ushbu soliq kiritilsa, Turkiyada hordiq chiqarish biroz qimmatlashadi. Uning ta'kidlashicha, turkiyalik otelerlar ushbu soliq kiritilishiga qarshi chiqishgan, biroq ularning fikrlari inobatga olinmagan. Ushbu soliqdan olinadigan mablag‘lar budjetga yo‘naltiriladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid