Jahon | 20:15 / 03.11.2020
5862
2 daqiqa o‘qiladi

Shri-Lankada 100dan ko‘proq kit qutqarib qolindi

Shri-Lanka harbiy-dengiz kuchlari dengizchilari va mahalliy aholi Panadura shahri yaqinidagi orol sohiliga o‘zini otgan 120ga yaqin kitni qutqarib qoldi.

Foto: EPA-EFE/CHAMILA KARUNARATHNE

Dastlab harbiylar tomonidan olib borilgan qutqaruv operatsiyasiga o‘nlab mahalliy fuqarolar ham qo‘shilgan. Mamlakatda koronavirus sababli tungi payt amal qilayotgan komendantlik soatiga qaramay, odamlar guruhlarga birlashib, kitlarni okeanga yetkazishgan. 

“Bu dengiz jonzotlarini qutqarish operatsiyasi tuni bilan davom etdi. Biz 120tagacha kitga yordam bera oldik. Afsuski, ulardan 3tasi nobud bo‘ldi”, deb ma'lum qilgan kapitan Indika de Silva.

Dunyoning turli burchaklarida har yil 2 mingdan ko‘proq kit va kitsimonlarga mansub dengiz jonzotlari o‘zini sohilga otadi. Sohilga chiqib qolgan kitlarning aksariyati suvsizlanish yoki o‘z vazni ostida tanasi ezilishi oqibatida nobud bo‘ladi. Jumladan, joriy yilning sentyabrida shunday ayanchli voqealardan biri Avstraliyada yuz berdi. Bu yerda rekord sonda - bir necha yuzlab kitlar nobud bo‘ldi. 

Kitlarning o‘zini bunday tutishi sababi hamon fan uchun katta jumboq sanaladi. Olimlarda bu borada bir necha taxminlar bor. Ulardan ba'zilarining fikricha, kitlarni o‘zini sohilga otishga okeanning turli shovqinlar (jumladan, sonarlar shovqinlari) bilan ifloslangani majbur qiladi. Buning natijasida ularning eshitish va exolokatsiya organlari shikastlanadi. Boshqa taxminlarga ko‘ra, ular yirtqich dengiz jonzotlari, misol uchun, kosatkalar hujumiga uchraganda sarosimaga tushishi yoki katta yoshi tufayli jismonan nimjonligi sababli shunday yo‘l tutadilar. Tishli kitlar orasida bunday hodisalar yuz berishi ushbu jonzotlar orasida kuchli ijtimoiy jipslik borligi bilan tushuntiriladi: agar ushbu turdagi kitlardan birortasi qandaydir sababga ko‘ra o‘zini sohilga otsa, unda to‘dadagi qolgan kitlar ham xuddi shunday yo‘l tutadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid