Jahon | 23:18 / 04.11.2020
4585
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda saylovlardagi davomat 120 yil ichida eng yuqorisi bo‘ldi  

AQShda 2020 yilgi prezident saylovlari oxirgi 120 yil ichida eng ko‘p sonda saylovchilarni jalb qila oldi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, saylovlarda ovoz beruvchilar ishtiroki 66,9 foizni tashkil qilgan.   

Foto: Twitter /umeer__ali

The Hill nashri United States Election Project loyihasining dastlabki natijalariga tayanib xabar berishicha, saylovlarda 160 mln amerikalik ishtirok etgan, bu esa jami ovoz beruvchilarning 66,9 foizini tashkil qiladi. 

“Bu nostandart holatdir. 2020 yilgi prezident saylovlarida oxirgi 120 yil ichidagi eng yuqori ishtirok qayd etildi”, deb ma'lum qilgan loyiha rahbari, Florida universiteti siyosatshunoslik professori Maykl MakDonald.

Ta'kidlanishicha, oxirgi marta bunday yuqori ko‘rsatkich 1900 yilda qayd qilingan va 73,7 foizni tashkil qilgan.

Shu bilan birga, MakDonald ovozlar hisoblanishi davom etayotgani va ishtirok bo‘yicha ma'lumotlar hali yakuniy emasligini ma'lum qilgan.

AQShda prezident saylovlari ikki pog‘onali tizim bo‘yicha o‘tadi: umumxalq saylovlaridan 41 kun o‘tib 50 shtatning har biridan va Kolumbiya okrugidan saylovchilar hay'ati a'zolari ovoz beradi. Saylovlarda g‘alaba qozonish uchun nomzodlardan biri hay'at a'zolarining kamida 270ta ovozini to‘plashi lozim. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, prezident saylovlarida hozircha Jo Baydenda saylovchilar hay'atining 238ta, amaldagi prezident Donald Trampda esa 213ta ovozi bor. Ayni vaqtda ovozlar hisoblanishi davom etmoqda.

 

Mavzuga oid