Jahon | 21:25 / 05.11.2020
9033
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp prezident saylovlarida ovozlarni hisoblashni to‘xtatishga chaqirdi

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp 2020 yilgi prezident saylovlaridagi ovozlarni hisoblashni to‘xtatishga chaqirdi.

Foto: REUTERS

“Ovozlarni hisoblashni to‘xtating!” deb yozgan Tramp tvitterda.

4 noyabrda CNN telekanali manbalarga tayanib, Tramp saylov shtabi Arizona va Nevada shtatlarida saylov byulletenlari qayta ishlanishi yuzasidan sudga shikoyat qilishi mumkinligini ma'lum qilgandi. Bundan avvalroq shtab Jorjiya, Pensilvaniya va Michigan shtatlarida byulletenlar qayta ishlanishi to‘xtatilishi talabi bilan sudga da'vo arizalari topshirgan. Bundan tashqari, Tramp vakillari Viskonsinda ham ovozlar qayta hisoblanishini talab qilishlarini aytishgan.   

AQShdagi prezident saylovlari 3 noyabrda bo‘lib o‘tdi, biroq joriy yilda juda ko‘p amerikaliklar pochta orqali ovoz bergani sababli ko‘plab shtatlarda ovozlarni hisoblash jarayoni cho‘zilib ketdi va hanuzgacha davom etmoqda. Tramp esa saylov uchastkalari yopilgandan keyin pochta orqali kelgan byulletenlarni hisoblamaslikni talab qilmoqda.  

Ayni vaqtda vaziyat Tramp foydasiga emas va u raqibi Jo Bayden g‘alaba qozongan ba'zi shtatlarda sud tartibida ovozlar qayta hisoblanishini talab qilishga tayyorligini aytgan. Hozirgi tendensiya saqlanib qolsa, Bayden saylovchilarning g‘alaba uchun yetarli sondagi ovozini to‘play oladi. Tramp esa hoynahoy mag‘lubiyatini tan olmaydi va AQSh prezidenti saylovlari g‘olibi sudda aniqlanadi.

Saylovlargachayoq respublikachilar ham, demokratlar ham voqealarning aynan shunday tus olishiga tayyorlanishayotgani va bu maqsadda huquqshunoslar jamoalarini yollashgani ma'lum qilingandi.

Fox News telekanali prognozlariga ko‘ra, ayni vaqtda Trampda 214 nafar, Baydenda esa 264 nafar vakilning ovozi bor. G‘alaba uchun esa vakillarning kamida 270ta ovozini to‘plash lozim.

Mavzuga oid