Jahon | 22:13 / 06.11.2020
12601
3 daqiqa o‘qiladi

Lukashenko yangi saylovlar o‘tkazilishiga kafolat berdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko fuqarolar yangi saylovlar o‘tkazilishi haqida qaror qabul qilsa, ularning o‘tkazilishiga kafolat berishini aytdi. Lukashenko bu haqda 6 noyabrda Minsk metrosining uchinchi yo‘nalishi ochilishi tantanali marosimida aytib o‘tdi.

Foto: TASS/EPA

“Ayni vaqtdagi eng dolzarb masalaga to‘xtalsak. Ba'zilar bizdan yangi saylovlarni talab qilishmoqda. Siz bu borada qaror qabul qilishingiz bilan ular o‘tkazilishini kafolatlayman. Kafolatlayman”, deb aytgan Belarus rahbari.

Lukashenko g‘arb davlatlarining Belarusdagi vaziyatga “qiziqish bildirayotganlari”ni aytib, ularga “yaxshisi o‘z ichki muammolari bilan shug‘ullanishni” taklif qilgan.

“Nemislar kechagina bizdagi vaziyatdan qayg‘urib, parlamentda biz, belaruslar uchun qaror qabul qilishibdi. Siz avval o‘zingizning muammolarni hal qilib oling. Polshadagi muammolarni hal qiling, u sizga yaqinroq. Va eng asosiysi: ular amerikaliklardan yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qilishga jur'at qila oladilarmi? Ko‘raman, nemislar amerikaliklardan yangi saylovlar o‘tkazilishini talab qilganda nima bo‘larkin”, deb qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Belarus prezidenti fuqarolarni mamlakatda yuz berayotgan voqealarni teran tahlil qilishga va shundan kelib chiqib o‘z fikrlarini shakllantirishga chaqirgan. “Men o‘z boshingiz bilan o‘ylashingizni istayman. O‘ylang va biror-bir nima desangiz, buni asoslab bering. Bilib qo‘ying, siz ketasiz, farzandlaringiz o‘rningizga keladi. Ular o‘z vatanidan boshqa hech kimga kerak emas. Keling, shu haqida o‘ylaylik”, deb ta'kidlab o‘tgan Belarus rahbari.  

Avvalroq  Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Belarusdagi vaziyat bo‘yicha hisoboti e'lon qilingandi. Unda Belarus rahbariyatiga qoidabuzarliklar aniqlangani uchun avgustda o‘tgan prezident saylovlarini bekor qilish va xalqaro standartlar asosida yangi saylovlar o‘tkazish tavsiya qilingan.

Belarus prezidenti saylovlari 9 avgustda bo‘lib o‘tgandi. Ularda amaldagi prezident Lukashenko 80 foizdan ko‘proq ovoz bilan 6-muddatga qayta saylangandi. Shundan keyin mamlakatda saylovlar natijalariga qarshi va Lukashenkoning ketishi talabi bilan norozilik namoyishlari boshlangandi.

Mavzuga oid