Jahon | 11:58 / 10.11.2020
6473
2 daqiqa o‘qiladi

Minsk britaniyalik ikki diplomatni Belarusdan chiqarib yubordi

Xabar qilinishicha, "bu shaxslar Belarusdagi ichki siyosiy vaziyat va noroziliklar to‘g‘risida ma'lumot to‘plashgan".

Anatoliy Glaz / Foto: TASS

Belarus britaniyalik diplomatlar – harbiy attashe Timoti Uayt Boykott va elchi o‘rinbosari Liza Tamvudni persona non grata deb e'lon qildi.

“8 noyabr kuni Belarus tashqi ishlar vazirligi diplomatik agent, diplomat maqomi hamda Belarusda bo‘lish maqsadiga muvofiq bo‘lmagan faoliyati uchun Buyuk Britaniya elchixonasining ikki nafar diplomatini persona non grata deb e'lon qilishga qaror qildi”, – dedi Belarus tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Anatoliy Glaz.

 Uning ta'kidlashicha, bu “qaror majburan va mazkur shaxslarning tasdiqlangan buzg‘unchi tusdagi faoliyatini inobatga olgan holda qabul qilingan”.

 Xabar qilinishicha, “bu shaxslar Belarusdagi ichki siyosiy vaziyat va noroziliklar to‘g‘risida ma'lumot to‘plashgan”.

“Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, diplomatlar joriy yilning may oyidan buyon muxolifat va jamoat, huquqni himoya qilish tashkilotlari hamda nohukumat tuzilmalar vakillari bilan ko‘p marta uchrashishgan. Harbiy attashe bu maqsadda regionlarga bir necha marta kelgan”, – deyiladi ONT kanali xabarida.

Elchi o‘rinbosari esa “prezidentlikka sobiq nomzod Svetlana Tixanovskayaning saylovoldi shtabi faoliyati va norozilik namoyishlarini yoritish uchun Belarusga kelgan Bryusseldagi VVS byurosi jurnalistlarining ishlarini muvofiqlashtirib turgan”.

ONT telekanalining ma'lumot berishicha, diplomatlar Belarusni tark etishgan.

Mavzuga oid