Jahon | 10:59 / 18.11.2020
6863
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda rekord darajada haftalik kasallanish holatlari qayd etildi

Foto: TASS

Dunyoda o‘tgan hafta ichida koronavirusga chalinganlar soni deyarli 4 mlnga ko‘paydi. Bu ko‘rsatkich pandemiya boshidan beri rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Bir hafta ichida virus qurbonlari soni deyarli 60 mingni tashkil qilgan. 

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, 9-15 noyabr kunlari dunyoda 3 mln 977 ming 223ta yangi kasallanish holati, 59 ming 699ta o‘lim qayd etilgan. Undan avvalgi haftada, ya'ni 1-8 noyabr kunlari 3,695 mlndan ko‘proq kasallanish, 54 mingdan ko‘proq o‘lim holati qayd etilgandi.

“Yevropa mintaqasi eng ko‘p kasallanganlar (46 foiz) haqida ma'lum qilayotgan bo‘lsa-da, bu yerda o‘tgan hafta kasallanish holatlari undan avvalgi haftaga nisbatan 10 foizga kamaygan. Bunga koronavirusga qarshi choralarning kuchaytirilgani hisobiga erishilgan”, deb ta'kidlab o‘tilgan JSSTda. 

Yevropada o‘tgan hafta 1,840 mingdan ko‘proq kasallanish, 29 mingdan ko‘proq o‘lim holati qayd etilgan.     

Shimoliy va Janubiy Amerikada bir hafta ichida kasallanganlar soni 1,45 mlnga ko‘paygan, virus qurbonlari soni 19 mingdan ko‘proqni tashkil qilgan. 

Janubi-Sharqiy Osiyoda o‘tgan hafta davomida 373 mingdan ko‘proq kishi virusga chalingan, o‘lim holatlari 4,5 mingdan ko‘proqni tashkil qilgan.

Davlatlar kesimida qaraladigan bo‘lsa, o‘tgan hafta AQShda kasallanganlar soni 1 mlnga, Hindistonda 306 mingga, Fransiyada 203 mingga, Braziliyada 179 mingga ko‘paygan. Shuningdek, Britaniyada haftalik kasallanish holatlari soni 173 mingta, Polshada 169 mingta, Rossiyada 151 mingta, Germaniyada 132 mingta va Ispaniyada 87 mingtani tashkil qilgan.     

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid