O‘zbekiston | 16:42 / 20.11.2020
6585
2 daqiqa o‘qiladi

31 dekabrgacha ayrim soliq turlariga yengilliklar saqlab qolinadi

Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Erkin Gadoyev / Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Majlisda Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev qonun haqida qisqacha ma'lumot berdi.  

«2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunga hamda Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. O‘zgartirish bilan narx-navo oshib ketishining oldini olish maqsadida joriy yilning yakuniga qadar ayrim turdagi aksiz solig‘i stavkalarini o‘zgarishsiz saqlab turish nazarda tutilyapti.

Qolaversa, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliq yetishtirish uchun foydalanilgan suv hajmlari bo‘yicha soliq stavkalarining belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilishi ham belgilanmoqda.

Qonun bilan alohida sharoitlarda, ya'ni koronavirus pandemiyasi sharoitida soliq majburiyatlarini bajarish belgilanadi. 

2020 yilda O‘zbekiston prezidenti tomonidan soliqlar va bo‘nak to‘lovlarini to‘lashni foizsiz kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashni taqdim etish, shuningdek qo‘shimcha vaqtinchalik soliq imtiyozlarini berish nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, soliqlardan yengilliklar taqdim etish bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlariga beriladigan huquqlar ham o‘zgarishlarda o‘z aksini topmoqda», dedi qo‘mita raisi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid