O‘zbekiston | 21:05 / 27.11.2020
41035
3 daqiqa o‘qiladi

Guljahon Yo‘ldosheva ishi bo‘yicha sud jarayonlari boshlandi

27 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudida Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva va boshqalarga nisbatan sud jarayonlari boshlandi. Kun.uz jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan ish bo‘yicha sud mahkamalarini yoritib boradi.

Sud ishiga jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi raisi Sunnatillo Avloqulov raislik qilmoqda.

Raislik qiluvchi dastlab protsess ishtirokchilarini sudlanuvchilar va ularga e'lon qilingan ayblov bilan tanishtirdi.

Mazkur jinoyat ishida viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-modda 2-qismi «a» bandi (takroran sodir etilgan mansab soxtakorligi), 25-167-modda 3-qismi «a» bandi, 207-modda 1-qismi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) va 207-modda 3-qismi «a» bandi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘limiga olib kelishi) bilan ayblanmoqda.

Guljahon Yo‘ldosheva

Yana to‘rt nafar shaxsga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e'lon qilingan.

Jumladan, Sherzod Ro‘zimetov va Jahongir Ziyodullayevlar 116-modda 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odam o‘limiga sabab bo‘lishi), 228-modda 2-qismi «a, b» bandlari (takroran va bir guruh shaxslar tomonidan hujjatlarni qalbakilashtirish) va 228-modda 3-qismi (hujjat qalbakiligini bila turib, undan foydalanish) bilan; Alisher Dadamatov va Jannat Hakimovalar 167-modda 3-qismi «a» bandi bilan ayblanmoqda.

Ayblov o‘qib eshittirilgach, yig‘ilganlar sud tarkibi va protsess ishtirokchilari bilan tanishtirildi. Ayblanuvchilar va ularning advokatlari tomonidan sud tarkibiga nisbatan e'tirozlar bildirilmadi. Protsessual tartib bo‘yicha sudlanuvchilarning shaxsiga aniqlik kiritildi hamda ularning huquq va majburiyatlari tushuntirildi.

Shundan so‘ng, sudlanuvchi G.Yo‘ldoshevaning advokati sudga iltimosnoma kiritib, himoyasi ostidagi shaxsga qo‘llanilgan uy qamog‘i ehtiyot chorasini munosib xulq-atvorda bo‘lish tarzidagi ehtiyot chorasiga o‘zgartirish, jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishib chiqish, undan nusxalar olish va ayblov xulosasini rus tilida prokuror tomonidan tasdiqlangan holda taqdim etilishini ta'minlashni so‘radi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar sudi raisi Sunnatillo Avloqulov

Raislik etuvchi iltimosnomaning ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqidagi qismi protsessual tartibda ko‘rib chiqilishini, ayblov hulosasini rus tilida taqdim etish masalasida prokurorga xat chiqarilishini, jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishib chiqish haqidagi qismi bo‘yicha esa biror bir qarshilik yo‘qligini, istalgan vaqtda ish hujjatlari bilan tanishish mumkinligini ma'lum qildi.

Shuning bilan sud jarayonlarining dastlabki kuni o‘z ishini yakunladi. Navbatdagi sud majlisi 4 dekabr kuni soat 11:00ga belgilandi.

Rahmatillo Isroilov – Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Otaxon Yusupov

Mavzuga oid