O‘zbekiston | 08:13 / 02.12.2020
34674
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston TIV Turkiyada bo‘lib turgan fuqarolarni ogohlantirdi

2020 yil 30 noyabr kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hukumat yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra chiqish qila turib, jamoatchilikni yangi turdagi koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish doirasida cheklov choralarining kuchaytirilganligi to‘g‘risida xabardor qildi.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi xabariga ko‘ra, pandemiya bilan bog‘liq yangi cheklovlar 2020 yil 1 dekabr kuni soat 21:00 dan kuchga kirdi.

Xususan, quyidagi cheklov choralarini joriy qilish to‘g‘risida qaror qilindi:

  • ish kunlari soat 21:00dan 5:00ga qadar komendantlik soati belgilandi;
  • dam olish kunlari juma kuni kechqurun soat 21:00dan dushanba kuni ertalab soat 5:00ga qadar ko‘chaga chiqish mumkin emas;
  • janoza va to‘y marosimlarida ham qatnashchilar soni 30 kishidan oshmasligi kerak;
  • barcha davlat muassasalari ish kunlari soat 10:00dan 16:00gacha bo‘lgan vaqtda faoliyat ko‘rsatadi;
  • 65 yoshdan oshgan va 20 yoshdan kichik fuqarolar jamoat transportidan foydalana olmaydilar. Ular ish kunlari soat 10:00dan 13:00ga qadar ko‘chaga chiqishlari mumkin. Juma kuni bundan mustasno. Juma namoziga borishga ruxsat etiladi. Ish kunlari bolalar va pensionerlar soat 5:00dan 21:00gacha shaxsiy transportda harakatlanishi mumkin;
  • mehmonlarni qabul qilish, mavludlar, kechalar o‘tkazish, bayramlarni, jumladan, Yangi yilni nishonlash taqiqlandi;
  • mahsulotlarni uyga yetkazib beruvchi oziq-ovqat, go‘sht, meva-sabzavot do‘konlari hamda boshqa savdo rastalari dam olish kunlari ham ishlashiga ruxsat beriladi;
  • kinoteatrlar yil oxirigacha yopiq bo‘ladi. Shuningdek, sauna, hammom va luna-parklar ham yopiladi;
  • o‘yin va sport maydonchalaridan foydalanish taqiqlanadi. Mamlakatdagi barcha sport tadbirlarini hozirgi vaqtdagidek tomoshabinlarsiz o‘tkazishda davom etiladi;
  • savdo markazlariga faqat maxsus kod bilan kirish mumkin bo‘ladi. Maxsus kod Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligining elektron ilovasi orqali olinadi;
  • barcha bolalar bog‘chalari, tayyorlov sinflari va boshqa bolalar ta'lim muassasalari faoliyati to‘xtatiladi. Maktab o‘quvchilari va talabalar uchun masofaviy o‘qitish 2020 yil oxirigacha uzaytirilmoqda;
  • shifoxonalar, o‘t o‘chirish xizmatlari, politsiya va dorixonalar har kuni hech qanday cheklovlarsiz ishlaydi;
  • komendantlik soati vaqtida faqat uyga yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar, kafelar va restoranlar ham ishlashni davom ettiradi;
  • agar biror kishida samolyot yoki poyezd chiptasi bo‘lsa, u aeroport yoki temir yo‘l stansiyasigacha yetib olish uchun shaxsiy yoki jamoat transportidan foydalanishi mumkin;
  • jamoat transportidan foydalanish, savdo markazi, kasalxona, davlat idoralariga kirish uchun kod talab qilinadi. Bu Turkiya fuqarolariga ham, mazkur mamlakatda yashash huquqiga ega bo‘lganlarga ham tegishli;
  • muntazam ravishda yuz niqobini taqib yurish tartibi, ijtimoiy masofani saqlash va virusga qarshi gigiyenik qoidalarga amal qilish, shuningdek, ko‘chada sigaret chekishga qo‘yilgan taqiq o‘z kuchida qolmoqda.

Mamlakatda yuzaga kelgan og‘ir epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, O‘zbekiston elchixonasining konsullik bo‘limi va Istanbul shahridagi bosh konsulxona hujjatlarni, jumladan, elektron pochtalar orqali qabul qilishni (elchixona konsullik bo‘limi – [email protected], bosh konsulxona – [email protected]), elektron pochtalar vositasida konsultativ yordam ko‘rsatishni boshladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid