O‘zbekiston | 12:11 / 15.12.2020
6544
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston inson kamoloti indeksida 106-o‘rinni egalladi

Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) tomonidan «Keyingi chegara – inson kamoloti va antropotsen 1» deb nomlangan 2020 yilgi inson kamoloti hisobotining navbatdagi nashri taqdim etildi. 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, inson kamoloti to‘g‘risidagi ushbu hisobot BMTTD tomonidan 1990 yildan boshlab nashr etib kelinayotgan bo‘lib, O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari 1993 yildan buyon qayd etib kelinmoqda.

Hisobotning inson kamoloti indeksi inson taraqqiyoti yo‘lida 3ta asosiy omillar - uzoq va sog‘lom hayot kechirish, bilim olish hamda munosib turmush darajasi bo‘yicha e'lon qilinadigan statistik ma'lumotlar to‘plami hisoblanadi.

O‘zbekiston joriy hisobotda dunyoning 189 mamlakati ichida indeks qiymati 0,720 (maksimal indeks qiymati 1,000) bilan 106-o‘rinni egallab, 2019 yildagi hisobot natijalariga nisbatan ikki o‘ringa ko‘tarildi. 

O‘zbekistonning natijalari quyidagicha:

aholining tug‘ilganda kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligini belgilaydigan indeks 71,7 yilni tashkil etadi (+0,1 yil o‘sish);

ta'lim indeksida ta'limning o‘rtacha davomiyligi 11,8 yil (+0,3 yil ijobiy o‘zgarish) va kutilayotgan ta'lim davomiyligi 12,1 yilni (+0,09 yil ijobiy o‘zgarish) tashkil etgan;

xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha aholi jon boshiga YaMD miqdori 7142 dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 680 dollarga o‘sgan.

Ma'lumot uchun, inson kamoloti indeksining 2020 yilgi hisobotida 2019 yil yakunlari tahlil qilinadi.

Pandemiyaga qarshi kurashish uchun qabul qilingan cheklovlarga qaramay, joriy yil yanvar-sentyabr oylarida mamlakatda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 0,4 foizni tashkil etdi. Boshqa rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan ijobiy o‘sish kuzatilayotgan bo‘lib, yil yakuniga borib iqtisodiy o‘sish 1,4 foizni tashkil qilishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid