Jahon | 13:31 / 17.12.2020
2546
2 daqiqa o‘qiladi

Italiyada g‘aroyib ko‘rinishga ega vaksinatsiya pavilonlari quriladi

Italiya bo‘ylab regeneratsiyani timsol etuvchi yog‘och pavilonlar quriladi. Yanvar oyidan Italiyada koronavirusga qarshi emlash boshlanadi.

Foto: Stefano Boeri Architetti

Pavilonlarning dizayni, logotipi va mamlakatning vaksinatsiya aksiyasi bo‘yicha vizual elementlari taniqli me'mor Stefano Boyeri boshliq maslahatchilar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan.

Boyerining studiyasi CNN'ga ma'lum qilishicha, Italiyaning maydon va shahar markazlarida umumiy hisobda aylana shaklidagi 1500 ta vaqtinchalik pavilonlar quriladi.

Pavilonlar intereri yog‘och va matoli qoplama bilan tashqi tarafi esa katta navro‘zgul tasviri bilan bezatiladi.

«Bu loyiha halovat va tiklanishni timsol qiladigan dizaynda yaratildi. Vaksina olish fuqarolik mas'uliyati, o‘zgalarga mehr va hayotning qayta jonlanish akti bo‘ladi. Virus bizni kasalxona va uylarga qamagan bo‘lsa, vaksina hayot va atrofimizdagi tabiat bilan qayta bog‘lanishimizni ta'minlaydi», deydi Boyeri press-relizda.

Boyeri Italiyaning dong‘i chiqqan me'morlaridan biri. Uning studiyasi yuqorida zikr qilingan loyiha ustida bepul ishlaganini ma'lum qilgan.

Ma'lumot uchun, Italiyada koronavirusdan shikastlanish holatlari soni 2 millionga yaqinlashib qoldi. O‘lim ko‘rsatkichi esa Yevropada eng yuqorisi – 66537 (17 dekabr ma'lumoti).

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid