O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 29 mlrd dollardan oshdi
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 2020 yilning 1 oktabr holatiga 29,3 mlrd. dollarni tashkil etgan. Bu haqda Markaziy bank sharhida aytiladi.
Qayd etilishicha, bunda 18,7 mlrd. dollar davlat sektoriga, 10,6 mlrd. dollar xususiy sektorga to‘g‘ri keladi.
“2020 yil 9 oyi davomida O‘zbekiston to‘lov balansi ko‘rsatkichlarining shakllanishiga dunyoda COVID-19 pandemiyasi boshlanishi bilan bog‘liq ichki hamda tashqi bozor holatidagi o‘zgarishlar, tashqi savdo aylanmasining pasayishi, global biznes faoliyati sekinlashishi va moliyaviy xatarlarning ortishi kabi omillar o‘z ta'sirini o‘tkazdi.
Shuningdek, 2020 yil 9 oyi davomida joriy qilingan karantin chora-tadbirlari mahalliy xarakter kasb etib, transchegaraviy pul o‘tkazmalarining umumiy hajmiga salbiy ta'siri bo‘yicha xatarlar ro‘yobga chiqmadi va rezidentlarga o‘tkazmalar 2019 yil mos davri darajasida saqlanib qoldi. Bundan tashqari, oltin narxining jahon bozoridagi ijobiy dinamikasi eksport hajmi qisqarishini qisman qoplash imkoniyatini yaratdi”, - deyiladi ma'lumotda.
Ta'kidlanishicha, yuqoridagi omillar ta'sirida joriy operatsiyalar hisobi 434,2 mln. dollar (2019 yil 9 oyida 1,8 mlrd. dollar) hajmidagi defitsit bilan shakllandi. Shuningdek, savdo balansi (tovarlar va xizmatlar) va birlamchi daromadlar manfiy saldosi (4,2 mlrd. dollar) ikkilamchi daromadlar ijobiy saldosi (3,7 mlrd. dollar) hisobiga qisman qoplandi.
Moliyaviy hisobning manfiy saldosi 755 mln. dollarni tashkil etib, bu ko‘rsatkich rezidentlarning moliyaviy majburiyatlari ortishi (6,1 mlrd. dollar) hamda rezidentlar tomonidan aktivlar qabul qilinishi (5,3 mlrd. dollar) oqibatida hosil bo‘ldi.
O‘zbekistonning sof xalqaro investitsion pozitsiyasi 2020 yil 1 oktabr holatiga 22,3 mlrd. dollarni tashkil etdi. Xalqaro investitsion pozitsiyaning iqtisodiyot sektorlari bo‘yicha tahlili shuni ko‘rsatdiki, 2020 yil 9 oyi yakunlari bo‘yicha davlat boshqaruvi sektori hamda boshqa sektorlar “sof kreditor” pozitsiyasini saqlab qolgan bo‘lsa, bank sektori “sof qarzdor” pozitsiyasini egallab turibdi.
Mavzuga oid
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
11:23 / 01.11.2024