Jamiyat | 22:18 / 25.12.2020
8737
7 daqiqa o‘qiladi

Usmonxon Alimov: Mehr-muruvvat va saxovat insonni ulug‘laydi

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bugun tarixiy davrning yangi bosqichi – xalqimiz o‘z oldiga ezgu maqsadlar qo‘yib, o‘z kuch va imkoniyatlariga tayangan holda, og‘ir va sinovli kunlarda ham hamjihatlik ila taraqqiyot sari odimlab borayotgan pallada yashayapmiz.

Tarixdan ma'lumki, xalqimiz ko‘p sinov va qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tgan. Ota-bobolarimiz azaldan og‘ir kunlarda ahil va hamjihat bo‘lgan. Har bir qarori, harakatida mo‘tabar manbalar, sog‘lom aqlga tayangan.

Bugungi sinovli kunlarni xalqimizga xos va munosib tarzda yengib o‘tishda, muhtaram Prezidentimizning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashlari, xalqimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat, oliyhimmatlik to‘la zamin bo‘lmoqda. Qalbida imon-e'tiqodi mustahkam xalqimiz uchun Yaratganning O‘zi madadkor bo‘layotir.

Xayr va saxovat insonni ulug‘lab, har ikki dunyoda ham ajru savobga sazovor etishi haqida allomalarimiz ta'kidlab o‘tganlar. Islom dinida ham mo‘minning eng ulug‘ sifatlaridan biri xayr va saxovat ekaniga ishora qilinadi.

Islom dini mohiyatida mujassam bo‘lgan barcha fazilatlar asrlar osha bashariyatni hidoyatga chorlab kelmoqda. Ayniqsa, muborak dinimizning ezgulik, xayru saxovat, mehr-oqibat, muruvvat kabi olijanob g‘oyalari jamiyatda insonparvarlik, bag‘rikenglik muhitining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Hozirgi kunda dunyo ahli koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatni boshidan kechirmoqda. Xalqimiz har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam ila yengib o‘tishida Haq taoloning O‘zi madadkor bo‘lmoqda.

Butun dunyoga katta tashvish va muammo bo‘lib turgan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha Davlatimiz Rahbarining bevosita boshchiligida tizimli ishlar amalga oshirildi. Hukumatimiz tomonidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar uzluksiz amalga oshirildi.O‘z navbatida, yurtimiz aholisi tomonidan ham ushbu xastalikni insoniyat boshidan aritish yo‘lida birdamlik, ahil-inoqlik namunalari ko‘rsatildi. Shuningdek, mana shunday sinovlarni tez orada insoniyat boshidan aritish borasida Qur'oni karim, hadisi shariflar va mo‘tabar manbalarda ma'lum amallarni bajarish va duoyu tazarrular o‘qish ham davom etmoqda.

Ta'kidlash joizki, mo‘tabar manbalarda doimiy ravishda Alloh taolodan xalq farovonligi, yurt ravnaqi uchun xayru baraka tilash, tinchlik-ofiyat so‘rash va ezgu duolar qilish lozimligi haqida ko‘p bayon etilgan. Shu bois, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan diyorimizning eng tabarruk joylarida ilg‘or fikrli, fazilatli ulamolar, tajribali imom-xatiblar yetakchiligida Qur'oni karim xatmlari va mehr-muruvvat tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jonliqlar so‘yilib, go‘shtlari kam ta'minlangan oilalar, yordamga muhtoj kishilarga tarqatilmoqda hamda oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat hadyalar mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga ulashilmoqda.

Bundayi nsonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatib, ko‘ngillarini ko‘tarish ham eng maqbul amallardandir.

Ulamolar va imom-xatiblar tomonidan Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning: “Har bir xatmi Qur'onning yakunidagi duolar mustajobdir”, – degan hadisi shariflariga binoan xatmi Qur'onlar qilindi.

Shunday saxovat tadbirlari bugun har qachongidan ham ko‘payayotganining hikmati shuki,Alloh taolo Qur'oni karimda: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir” (Baqara surasi 261-oyat), – deb marhamat qilgan.Alloh taolo bu misol bilan bitta xayrli ish uchun bitta emas, to 700 va undan ortiq savob ato etishi mumkinligini bildirmoqda.

Bir hadisi sharifda: “Saxovat – bir daraxt. Uning ildizlari jannatda, shoxlari dunyoga tushib turadi. Kimki uning shoxidan ushlasa, ildizlari (jannat) sari tortadi. Baxillik ham bir daraxt, uning ildizlari do‘zaxda, shoxlari yer yuzida bo‘ladi. Uning shoxidan ushlaganlarni o‘z domiga tortadi”, – deb marhamat qilingan.

Zero yetim-yesir, beva-bechora, nogironlar, musofirlarga muruvvat ko‘rsatish, sidqidildan beg‘araz yordam berish kabi fazilatlar qon-qonimizga singib ketgan. Ulamolar aytganidek, aqlning qadri odob bilan oshadi, boylik qadri – saxovat bilan.Saxiylik ezgulikni yuksaltiruvchi, demakki, do‘stlarning ko‘payishiga imkon yaratuvchi xususiyat bo‘lib, inson uchun saxovatdan yaxshiroq va azizroq yoqimli sifat yo‘q.

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Beva va miskinga g‘amxo‘rlik qiluvchi kishi Alloh taolo yo‘lida sa'y-harakat qiluvchi yoki kechalari bilan toat-ibodat qilib, kunduzlari ro‘za tutuvchi kishi kabidir”, degan hadisi shariflari esa saxovatli kishilarga ulug‘ bashoratdir.

Bu hayotning ko‘p og‘ir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini to‘g‘ri tushunib, vaziyatga ongli yondashmoqda. Farovon va yaxshi kunlarga intilib yashamoqda. Zero Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Xursand bo‘linglar! Sizlarga yengillik keldi. Hargiz bir qiyinchilik ikki yengillikdan ustun kelmaydi” (Imom Hokim rivoyati).

Alloh taolo mana shunday oz muddatli qiyinchilik kunlarida sabr qilgan, ibodatlarda qoim bo‘lgan, muhtojlarga yordam bergan va chiroyli xulqlarini saqlab qolganlarga oxirat saodatini va'da qiladi: “Parvardigorlarining roziligini istab, (turli mashaqqatlarga) sabr qilib, namozlarini barkamol ado etgan va Biz rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilgan hamda yomonlikka yaxshilik qaytaradigan zotlar, aynan o‘shalar uchun dunyo oqibati (jannat) bordir” (Ra'd surasi 22-oyat).

Alloh taolo xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O‘zi saqlab, yurtimizni tinch, hayotimizni farovon va rizqu ro‘zimizni barakali qilsin.

Usmonxon ALIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

Mavzuga oid