O‘zbekiston | 12:22 / 26.12.2020
8038
2 daqiqa o‘qiladi

Yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi

O‘zbekiston Respublikasining ayrim kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uni obro‘sizlantirishga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog‘ida tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (11 mln 150 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar tarqatilgan yolg‘on axborot jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid solsa uni tarqatgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha (22 mln 300 ming so‘m) jarimaga tortilishi mumkin.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxs ushbu huquqbuzarlikka takroran yo‘l qo‘ysa, bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravarigacha (89 mln 200 ming so‘m) miqdorda jarimaga tortilishi yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash jazosi bilan jazolanishi mumkin.

Mavzuga oid