Jahon | 09:51 / 04.01.2021
25397
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada bir bazm sababli butun mamlakat bo‘ylab karantin kuchaytirildi

Foto: iStock

Ispaniya hukumati koronavirus pandemiyasi sababli kiritilgan cheklovlarni karantin qoidalariga zid ravishda 40 soatdan ko‘proq davom etgan birgina bazm tufayli kuchaytirdi

The Local nashrining xabar berishicha, Barselonadan 30 km uzoqlikda joylashgan Linars-del-Vales aholi punktida 300 kishi Yangi yilni nishonlash maqsadida omborda yig‘ilgan.   

Karantin qoidabuzarlarini tarqatish uchun voqea joyiga maxsus kuchlarning yuzlab xodimlari kelgan. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, bazm vaqtida qo‘llangan qurilmalar musodara qilingan, bazm tashkilotchilari hibsga olingan, uning ishtirokchilari esa javobgarlikka tortiladi.

Jumladan, bazm ishtirokchilariga 3 ming yevrogacha, tashkilotchilariga esa 600 ming yevrogacha jarima solinishi mumkin.

Bazmdan keyin hukumat ko‘plab hududlar uchun, jumladan, odamlarning harakatlanishiga nisbatan qat'iyroq cheklovlar kiritilishini e'lon qilgan. Yangi qoidalarga ko‘ra, aholi o‘z uyini ish yoki shifokor huzuriga borish uchungina tark eta oladi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Ispaniyada kasallanish holatlari 1,9 mlndan, o‘lim holatlari esa 50 mingdan oshib ketdi. Mamlakat kasallanish holatlari soni bo‘yicha dunyoda 9-o‘rinni egallamoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid