Jamiyat | 13:24 / 06.01.2021
4410
4 daqiqa o‘qiladi

Cenatorlar Shaharsozlik kodeksini tasdiqlashdi

Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida»gi Qonun ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan ma'qullandi. Bu shuni anglatadiki, 2002 yildan beri amalda bo‘lib kelgan Shaharsozlik kodeksi o‘z kuchini yo‘qotib, o‘rniga endilikda ushbu Kodeksning yangi tahrirda ishlab chiqilgan varianti kuchga kiradi.

Senatning Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyevning ma'lum qilishicha, yangi tahrirdagi Kodeksda amaldagidan farqli o‘laroq, yangi 5ta bob va 26ta modda, shuningdek, 20dan ortiq moddalarida o‘zgartish va qo‘shimchalar aks ettirilgan.

«Birinchidan. «Aholi punkti», «shahar», «shaharcha» va «qishloq (ovul)» kabi obektlar turlari, «o‘zboshimchalik bilan qurilish qilish», «urbanizatsiya» tushunchalari, shaharsozlik faoliyatida fuqarolar muhokamasi ishtiroki va boshqa iboralarga tushunchalar berilmoqda.

Ikkinchidan. Shaharsozlik faoliyatining asosiy prinsiplari alohida moddada o‘z aksini topgan bo‘lib, ushbu prinsiplar aholi punktlarining kompleks va barqaror rivojlanishini ta'minlash, qurilishga ruxsat berish jarayonining oshkoraligi va ochiqligini ta'minlash kabi masalalarga yo‘naltirilgan.

Uchinchidan. Shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqish yuzasidan tegishli normaga yangi me'yorlar kiritilib, ular bilan vazirlik va idoralar shaharsozlik qoidalarini ishlab chiqish va tegishli o‘zgartishlarni, shuningdek, shaharsozlik normalaridan chekinish zarurati vujudga kelganda maxsus texnik shartlar ishlab chiqilishini maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishib borilishini yo‘lga qo‘yilishi belgilanmoqda.

To‘rtinchidan. Loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha yangi moddalar kiritilib, mazkur moddalarda ekspertlarning huquqlari va javobgarligi, jumladan, har bir ekspert bergan xulosasi yuzasidan qonun oldida javob berishi belgilanmoqda.

Beshinchidan. Qurilishni nazorat qilish borasida yangi normalar kiritilgan bo‘lib, ular bilan qurilishni nazorat qilish turlari, qurilishni davlat tomonidan nazorat qiluvchi inspeksiyalar, texnik, mualliflik va ichki nazoratning vakolatlari belgilanmoqda. Shuningdek, qurilishda sug‘urtalash bo‘yicha yangi modda kiritilmoqda.

Oltinchidan. Aholi punkti bosh rejalarining loyihalari muhokamasida jamoatchilik ishtirokini ta'minlashga qaratilgan alohida moddalar kiritilib, ular shaharsozlik sohasida qarorlarni qabul qilishda fuqarolar fikrlarini keng o‘rganilishiga, ortiqcha mablag‘lar sarflanishi hamda insonlar noroziligining oldini olishga qaratilgan.

Yettinchidan. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi taqiqlarni aks ettiruvchi yangi me'yorlar kiritilib, ular qurilish jarayoniga vakolatga ega bo‘lmagan shaxslarning aralashuviga chek qo‘yish, shaharlar va tumanlar markazlarida qurilishi tugallangan mavzelar, ko‘p qavatli turar joy mikrorayonlari hududlarida bosh rejalarda nazarda tutilmagan ishlab chiqarish, savdo, umumiy ovqatlanish, servis xizmati ko‘rsatish va bozor infrastrukturasining obektlarini qurishni ta'qiqlash, eng asosiysi, yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida uch va undan ortiq qavatli (ko‘p kvartirali) uylarni qurishni taqiqlashga yo‘naltirilgan.

Sakkizinchidan. Yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan norma yangi bandlar bilan to‘ldirilib, ular hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari va investitsiya loyihalari doirasida fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlariga tegishli bo‘lgan bino va inshootlar joylashgan yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorlarning qonuniy huquq va manfaatlari kafolatlarini yanada mustahkamlashni ta'minlashga hamda yetkazilgan zararlarni qoplashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf qilishga imkoniyat yaratishga qaratilgan», dedi senator.

Ma'lum qilinishicha, yangi tahrirdagi Kodeks hayotga tatbiq etilishi natijasida byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, shahar chegaralarini aniqlashning yangi qonuniy asoslari yaratiladi hamda shaharsozlik sohasida jamoatchilikning keng ishtiroki ta'minlanishi orqali atrof-muhit muhofazasi va aholining sog‘ligini asrashga erishiladi. 

Mavzuga oid