O‘zbekiston | 19:40 / 06.01.2021
7464
3 daqiqa o‘qiladi

Kompyuter ichidagi «kompyuter» nayrangi ish bermadi - bojxona xabarlari

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha ma'lumot berdi.

Xorijiy aviareys bilan Toshkent xalqaro aeroportiga uchib kelgan fuqarolar K.A. va Yu.Z.larga tegishli yuklar skaner qurilmalari yordamida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, yuklar orasidagi karton qutidagi kompyuter keysida bojxona nazoratidan yashirish maqsadida uddaburonlik bilan joylashtirilgan, umumiy qiymati 100 million so‘mlik kompyuter ehtiyot qismlari borligi aniqlandi.

«ISUZU»dagi 401 million so‘mlik tovarlar o‘z manziliga yetib bormadi

Toshkentda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.A. boshqaruvidagi «Isuzu» rusumli transport vositasi belgilangan tartibda to‘xtatib, ko‘zdan kechirildi.

Transport vositasining yukxonasida qiymati 401,3 million so‘mlik 16 560 dona cho‘g‘lanma lampalar va 225 dona maishiy texnika buyumlari borligi aniqlandi.

Diskalarni noqonuniy olib kirishga urinish to‘xtatildi

Sirdaryo viloyati bojxonachilari «Sirdaryo» chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro M.Z. boshqaruvidagi «VOLVO» rusumli transport vositasini bojxona ko‘rigidan o‘tkazdi.

Natijada, avtomashina yukxonasida yo‘l yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, fuqaro X.J.ga tegishli bo‘lgan, umumiy qiymati 79,8 million so‘mlik, turli o‘lchamdagi yuk avtomashinasi diskalari borligi ma'lum bo‘ldi.

Yana bir holatda mazkur post orqali O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaro R.S. boshqaruvidagi «VOLVO» rusumli yuk mashinasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Mashinada «Kamaz» rusumli yuk avtotransport vositasiga tegishli 98 dona, umumiy qiymati 38 million so‘mlik avto ehtiyot qismlari borligi aniqlandi.

3400 dollarga sotilayotan «Valeriana» to‘xtatib qolindi

Toshkent viloyati bojxonachilari Toshkent shahri Olmazor tumanida tezkor tadbir o‘tkazishdi. Unda fuqaro S.J. boshqaruvidagi «Lasetti» to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, mashinada fuqaro D.B. xorijda ishlab chiqarilgan va hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 40 million so‘mlik 36 500 dona konvalutadagi «Valeriana» nomli dori vositalarini shartli xaridorga 3400 AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari surishtiruvi davom etmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid