Jahon | 18:19 / 06.01.2021
15107
4 daqiqa o‘qiladi

JSST ekspertlari Xitoyga kiritilmadi. Ular koronavirusning kelib chiqishini tekshirmoqda

Koronavirusning kelib chiqishi manbayini aniqlashga kirishgan JSST ekspertlariga Xitoyga kirishga ruxsat berilmadi.

Foto: Getty Images

JSST ma'lumotiga ko‘ra, ikki ekspert yo‘lga chiqqan bo‘lgan, ammo viza bilan bog‘liq muammolar tufayli ular ushbu mamlakatga kiritilmagan.

Ular 2019 yil oxirida koronavirus ilk bor qayd etilgan Uhan shahriga tashrif buyurishni rejalashtirishgandi. Virus ushbu shahardagi dengiz mahsulotlari bozorida paydo bo‘lgan, deb hisoblaniladi.

O‘tgan yil dekabrida ko‘p oylik muzokaralardan so‘ng Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xitoy hukumati shunday tadqiqot o‘tkazilishiga kelishishgandi.

JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyyesus rasmiy Pekin baribir tashkilot xodimlarining mamlakatga kirishiga ruxsat bermaganidan afsusdaligini ma'lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki nafar xodim allaqachon yo‘lga chiqqan bo‘lgan va safarni qoldirishga to‘g‘ri kelgan. 

«Meni ishontirishdi, Xitoy xalqaro mutaxassislarning tashrifini tezlashtirish uchun ichki protseduralarni tezlashtirmoqda», degan tashkilot rahbari seshanba kuni Jyenevadagi matbuot anjumanida.

U xitoylik yuqori martabali diplomatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini qo‘shimcha qilgan.

JSST bir necha oydan buyon o‘zining 10 nafar mutaxassisi XXRga virus namunalarini olish va uning kelib chiqishi manbayini, shuningdek, u qanday qilib jonivordan insonga o‘tganini aniqlash uchun Xitoyga kirishiga harakat qilib keladi.

Dekabr oyida bu bo‘yicha ishlar 2021 yil yanvarida boshlanishi ma'lum qilingandi.

Seshanba kuni maxsus jamoaning ikki vakili Xitoyga yo‘l olgandi, ammo JSSTning favqulodda vaziyatlar bo‘limi rahbari Maykl Rayan ekspertlarda Pekin so‘nggi daqiqalarda so‘ragan ayrim hujjatlar yo‘qligi ularning yo‘liga to‘siq bo‘lganini ma'lum qildi. Ulardan biri uyiga qaytgan, ikkinchisi esa uchinchi mamlakatda qolgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi ham bu bo‘yicha ma'lumot bergan.

«JSST ekspertlarini qabul qilishga tayyorgarlikni tugatishimiz uchun qator muammolarni bartaraf etishimiz va Xitoyga keladigan mutaxassislar uchun yaxshi sharoitlar yaratishimiz kerak», degan u.

Virus qayerdan kelib chiqqan?
Covid-19 ilk marta 2019 yil oxirida Xitoyning Xubey provinsiyasi markazida joylashgan Uhan shahrida aniqlangandi.

Avvaliga, bu virus oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga, ekzotik jonivorlar, xususan, Xitoyda go‘shti tansiq taom hisoblangan pangolinlar sotiladigan bozorda paydo bo‘lgani aytilgandi. Bu jonivorlar xalq tabobatida ham qo‘llanadi.

Avvalboshdan virus ushbu bozor hududida mutatsiyaga uchrab, hayvondan insonga o‘tgani taxmin qilingan.

Ammo uning genezisi bo‘yicha shu vaqtga qadar ilmiy doiralarda qizg‘in bahslar to‘xtagani yo‘q. Qator mutaxassislar u Uhandagi bozorda paydo bo‘lmagani, bozor shunchaki u keng tarqalishi uchun vosita bo‘lganini ta'kidlashadi.

Shuningdek, odamlarga yuqishi mumkin bo‘lgan koronaviruslar o‘n yillar mobaynida ko‘rshapalaklarda uchrab kelgan.

Ammo bu virus insonga yuqishi uchun oraliq tashuvchi bo‘lishi kerak. Shu vaqtga qadar qanday jonivor vositachi bo‘lgani aniqlanmagan.

Shu bilan birga, Reuters ma'lumotiga ko‘ra, Xitoy rasmiylari virus dastlab qayerda paydo bo‘lgani haqidagi umumiy tasavvurni o‘zgartirishga urinishmoqda.

Xitoyning yuqori martabali mulozimlari tadqiqotchilarning e'tiborini kasallik bir vaqtning o‘zida bir necha hududlarda keng tarqalganiga qaratishmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid