Jahon | 12:42 / 07.01.2021
29243
10 daqiqa o‘qiladi

Trampning tarafdorlari Kongressni nega qamal qilishdi. Voqealar zanjiri

Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchilar tomonidan tashkil etilgan «Amerikani qutqarish marshi» nomli norozilik namoyishi ishtirokchilari 6 yanvar kuni kunduzi poytaxt Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirdi. AQSh Kongressi aynan shu yerda mamlakat prezidentligi uchun o‘tkazilgan saylov yakunlarini tasdiqlashi kerak edi. Quyida bu voqeagacha bo‘lgan voqealar zanjiri keltiriladi.

Brendan Smialowski / AFP / Scanpix / LETA

2020 yil 3 noyabrgacha
AQShda 2020 yilning 3 noyabrida o‘tkazilgan prezidentlik saylovlaridan oldin ham Respublikachilar partiyasi va Trampning saylovoldi shtabi huquqshunoslari turli shtatlarda bir necha sud da'volarida qatnashishgandi. Ular pochta orqali ovoz berish muddati uzaytirilishiga qarshi chiqib, Trampning shtabi vakillari muddatidan oldin ovoz berish jarayonini kuzatishga jalb etilishini talab qilishgandi. Sudlar bu da'volarni rad etishgan. Saylovlar arafasida Tramp bir necha marta pochta orqali ovoz berish saylovlardagi soxtaliklarning asosiy vositasi bo‘lishini aytib o‘tdi (demokratlar o‘z tarafdorlarini koronavirusga chalinmaslik uchun aynan shu usuldan foydalanishga targ‘ib qilishdi).

3 noyabr
Oddiy qilib aytganda prezident saylovi kuni. Ammo aslida bu kunda saylovchilar o‘z shtatida keyinroq ikki partiyadan birining nomzodlariga ovoz beruvchi delegatlarni saylashadi. Delegatlar esa bir oydan ko‘proq vaqt o‘tib, yakuniy ovoz berish jarayonida qatnashishadi, natijalar keyingi yil yanvari boshida Kongress palatalarining qo‘shma palatalari yig‘ilishida tasdiqlanadi. Odatda g‘olib saylovlar kuni kechasiyoq ma'lum bo‘lib ulguradi (har bir shtatdagi saylovchi delegatlar soniga ko‘ra), ammo bu safargi saylovlar pochta orqali ovoz berish ommalashgani uchun ovozlarni hisoblash ko‘p vaqt oldi.

4 noyabr
Saylovlardan keyingi tunda Tramp o‘zini g‘olib deb e'lon qildi va ovozlarni hisoblash zudlik bilan to‘xtatilishi zarurligini aytdi. U bo‘lib o‘tayotgan voqealarni «Amerika xalqini firibgarlik bilan aldash» deb atadi va Oliy sudga murojaat qilish bilan tahdid qildi (saylovlardan biroz avvalroq u amaldagi prezident sifatida vafot etgan liberal Rut Beyder Ginzburg o‘rniga konservator Emi Barrettni tayinladi va bu orqali Oliy suddagi konservativ sudyalar soni yanada oshdi).

Keyingi kun tongida Tramp - Jorjiya, Shimoliy Karolina va Pensilvaniyada «yaqqol g‘alaba»ga erishganini e'lon qildi — bular odatda saylov natijasini oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan oltita ikkilanuvchi shtatlarning uchtasi edi. Shu bilan birga, bu shtatlarda hali ovoz berish jarayoni davom etayotgandi, yakunda faqat Shimoliy Karolinada amaldagi prezident ustunlikni saqlab qoldi.

5 noyabr
Trampning tvitidan keyin uning tarafdorlari «Hisoblashni to‘xtating!» va «O‘g‘irlashni to‘xtating!» shiorlari bilan ko‘chalarga chiqa boshlashdi.

Shu kuni sudlar Trampning huquqshunoslari bergan da'volar — ovozlarni hisoblashga kuzatuvchilar qo‘yilmagani (keyinroq huquqshunoslar Pensilvaniyadagi ovozlarni hisoblash jarayonida Trampning kuzatuvchilari bo‘lganini tan olishdi va sudyaning muammo nimadaligi haqidagi savoliga javoban mum tishlashdi) hamda ma'lum muddat o‘tgandan so‘ng ovozlarni hisoblashni to‘xtatish bo‘yicha da'volarini ko‘rib chiqishni boshladi (Jorjiyada bu da'volar rad etildi, bu vaqtda ovozlarni hisoblash jarayoni shundog‘am yakunlangandi).

6 noyabr
Qator nufuzli respublikachi senatorlar, shu jumladan, Trampga 2016 yilgi praymerizlarda raqiblik qilgan Ted Kruz hamda Vakillar palatasidagi respublikachilar vakili Kevin Makkarti Trampning talablarini qo‘llab-quvvatlashdi. Partiyaning boshqa vakillari qarshi fikrlar bildirishdi.

7 noyabr
Amerikadagi asosiy nashrlar Bayden g‘alaba uchun kerak bo‘lgan kamida 270 ovozni to‘plab bo‘lgani oydinlashgani haqida yozib chiqishdi. Trampning shtabidagilar esa «saylovlar hali beri tugamasligi»ni aytishdi va yoppasiga sud da'volari boshlanishini anons qilishdi.

10 noyabr
Trampning ma'muriyati davlat muassasalariga hokimiyatni Baydenga o‘tkazish jarayonida ishlovchi jamoa bilan hamkorlik qilishni taqiqladi.

13 noyabr
Trampning ovozlarni qayta hisoblash bo‘yicha da'volari Pensilvaniya va Michiganda ham rad etildi, amaldagi prezident jamoasi Arizonada berilgan da'voni qaytarib oldi, bu shtatda Baydenning ustunligi juda katta edi. Trampning huquqshunoslari u bilan hamkorlik qilishdan bosh tortishdi, u esa shaxsiy advokati Rudi Julianini — Nyu-Yorkning sobiq merini o‘zining vakili sifatida tayinladi, bu shaxs saylovlardan oldin Baydenga qarshi kompromatlar yig‘ish bilan shug‘ullangandi.

15 noyabr
Tramp ilk marta Bayden saylovlarda g‘alaba qozonganini tan olib qo‘ydi — buni u saylovlar natijalari «soxtalashtirilgani evaziga bo‘lgani»ni aytdi. Keyinroq u «hech narsani tan olmasligi»ni takrorladi.

18 noyabr
Trampning vakili Rudi Juliani sudga murojaat qilib, respublikachilar nazoratida bo‘lgan Pensilvaniya senati saylovchi delegatlarni ovoz berish natijalarini hisobga olmasdan tayinlashi uchun ruxsat berilishini talab qildi (AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra buning nazariy jihatdan imkoni bor). Bundan tashqari, shu kuni Tramp shaxsan o‘zi (bir necha marta) va uning Vashingtondagi ittifoqchilari muhim shtatlardagi respublikachilarni saylov natijalarini tan olmaslikka chaqirgani xabar qilindi. Bir necha amaldorlar shunday bosimlar bo‘lganini tan olishdi, boshqalari — rad etishdi.

24 noyabr
Amaldagi prezident uning ma'muriyati hokimiyatni saylangan prezident jamoasiga o‘tishi uchun topshiriq berganini ma'lum qildi, shu bilan birga, saylov natijalarini tan olmaslik bo‘yicha yuridik kurashni davom ettirishini qayd etdi.

3 dekabr
Saylovlardan roppa-rosa bir oy o‘tib Tramp 46 daqiqalik videoni e'lon qildi, unda yana bir bor «saylovlardagi firibgarliklar» haqida gapirib, bu murojaatini «u aytishi kerak bo‘lgan eng muhim nutq» deb atadi.

8 dekabr
Kongress qo‘mitasidagi respublikachilar Bayden AQShning saylangan prezidenti deb atalgan rezolyutsiya qabul qilinishiga to‘sqinlik qilishdi.

14 dekabr
Saylovchi delegatlar hay'ati 306 ovoz bilan 232 ovozga qarshi Jo Baydenni AQShning 46-prezidenti sifatida saylashdi. Shu kuni Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonell ilk marta Baydenni «saylangan prezident» deb atadi. Tramp, o‘z navbatida yana o‘z mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortdi. Michiganda prezidentning tarafdorlari mahalliy saylovchilarning ovoz berishiga to‘sqinlik qilishga urinishdi.

Bu vaqtga kelib prezidentning jamoasi 57 sud ishidan 50tasida yutqazgan yoki da'vosini qaytarib olgandi. Ekspertlarning fikricha, Tramp jamoasining yakuniy maqsadi ishni Oliy sudgacha olib borish bo‘lgan (u yerda konservativ kayfiyatdagi sudyalar ko‘pchilikni tashkil qiladi), ammo ular sudyalar quyi instansiyalarda ko‘p marta qaytarilgan bir tipdagi da'volarni ko‘rib chiqishga rozi bo‘lishiga ishonishmagan.

28 dekabr
Vakillar palatasining Texas shtatidan bo‘lgan vakili Luis Gomert vitse-prezident Mayk Pensga qarshi da'vo ochdi va aynan u saylov natijalarini tasdiqlashi kerakligini bildirdi. 1 yanvar kuni Oliy sud bu da'voni eshitishdan bosh tortdi, apellyatsiya ham rad etildi. Ammo Tramp Pensda shunday qaror qabul qilish huquqi borligini va u bundan foydalanishi kerakligini talab qilishda davom etdi.

2021 yilning 2 yanvari
11 nafar respublikachi senatorlar o‘n kunlik tekshiruv o‘tkazilmaguncha saylov natijalari tasdiqlanishiga qarshi chiqishdi. Mayk Pens buni qo‘llab-quvvatladi.

3 yanvar
The Washington Post Donald Tramp Jorjiya shtati davlat kotibi Bred Raffensperger bilan telefon muloqotida saylovlardagi ovozlarni o‘zining foydasiga qayta hisoblashni talab qilgani aks etgan audioyozuvni tarqatdi.

«Jorjiya xalqi g‘azabda, mamlakatdagi insonlar g‘azablanmoqda. Bilsangiz, qaytadan sanaganingiz haqida aytishning hech qanday yomon tomoni yo‘q. Qarang, men qilmoqchi bo‘lgan narsa faqat shu. Men 11 780ta ovozni topishni xohlayman, bu bizda mavjud ovozdan bittaga ko‘p. Chunki biz shtatda yutdik», degan u. Raffensperger esa sabr bilan bu talabni bajarishning mutlaqo imkoni yo‘qligini tushuntirgan.

6 yanvar
Vashington vaqti bilan kunning ikkinchi yarmida AQSh Kongressi binosida Senat va Vakillar palatasi a'zolari saylov natijalarini tasdiqlash uchun yig‘ilishdi. Odatda bu quruq rasmiyatchilik sifatida o‘tardi (bu vaqtga kelib g‘olib aniq bo‘lardi, mag‘lub esa hokimiyatni topshirish jarayonini boshlardi), ammo bu safar jarayon bir qancha respublikachilarning qarshiligi tufayli to‘xtab qoldi.

Xuddi shu vaqtda Vashingtonda Tramp tarafdorlarining ko‘p ming kishilik norozilik namoyishi bo‘lib o‘tayotgan edi. Namoyish «Amerikani qutqarish marshi» deb nomlangan. Mitingda chiqish qilarkan, AQShning amaldagi prezidenti shunday dedi: «Biz hech qachon taslim bo‘lmaymiz, biz hech qachon mag‘lubiyatni tan olmaymiz», shuningdek, o‘z tarafdorlarini Kongressga borib, «bizning jasur senatorlarimiz,kongressmen va kongressvumenlarimizni olqishlash»ga chaqirdi. Natijada Kapitoliyga bir necha ming kishi keldi va ko‘p o‘tmay ular binoga bostirib kirdi. Ularning ayrimlari, ko‘rinishidan, qurollangan edi. Kongress a'zolari darhol evakuatsiya qilindi.

Donald Tramp esa avvalroq olovga moy sepgandi, u yana bir bor mag‘lubiyatini hech qachon tan olmasligini bildirgandi. «Biz Kapitoliyga boramiz, jasur senatorlarimiz, kongressmenlarimiz va kongressvumenlarimizni olqishlaymiz», degandi Tramp o‘z tarafdorlarining qizg‘in olqishlari ostida. Shundan keyin ular Kongress binosi tomon yo‘l olishgandi.

Mavzuga oid