O‘zbekiston | 23:10 / 08.01.2021
9760
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qahraton qish: boshpanasiz kishilarga qanday yordam beriladi?

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda havo haroratining keskin pasayib ketishi ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bunday sharoitda uysiz kishilar ayniqsa ko‘proq aziyat chekadi.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

Umuman olganda, O‘zbekistonda boshpanasiz shaxslar deganda kimlar nazarda tutiladi?

Vazirlar Mahkamasining 309-son qaroriga ko‘ra, kishi 18 yoshdan oshgan bo‘lsa, shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmasa, biron-bir manzilda doimiy yashash joyi yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinmagan bo‘lsa, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli bo‘lsa, u boshpanasiz (rasmiy istilohda «muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxs») hisoblanadi.

Kun.uz'ning viloyatlardagi muxbirlari bergan ma'lumotga ko‘ra, hozirda bir nechta viloyatlarda Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari faoliyat yuritmoqda va bugungi izg‘irin kunlarda boshpanasiz shaxslar shu yerlarga ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borib joylashtirilmoqda.

IIB xodimlari ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalaridan, pod'yezdlardan, teplotrassalardan boshpanasiz odamlarni izlash tadbirlarini olib boryapti.

Poytaxtda boshpanaga muhtojlar shahar IIBB huzuridagi Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazida tashkil etilgan «Mehr-saxovat» uyiga olib boriladi va u yerda issiq ovqat, kiyim-bosh, gigiyena vositalari bilan ta'minlanadi.

Ushbu markaz Yashnobod tumanidagi Barotxo‘ja mahallasida joylashgan. Kun.uz muxbiri 8 yanvar kuni Reabilitatsiya markazi navbatchilik qismi bilan bog‘langanida, oxirgi bir sutka ichida 203 nafar boshpanasiz ro‘yxatdan o‘tkazilib, markazga qabul qilinganini ma'lum qilishdi.

Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga esa 105 nafar fuqaro qo‘ng‘iroq qilib shunday odamlar haqida xabar bergan va ularga yordam ko‘rsatilgan.

Qishning qahratonida ko‘chada qolgan, boshpanasiz odamlarga yordam berishni istaganlar O‘zbekiston bo‘ylab 102 raqami orqali xabar berishlari so‘raladi. Toshkentda esa shahar IIBBga qarashli navbatchilik qismining (71) 281-90-32 raqami orqali ham xabar berish mumkin.

Ma'lumot uchun, Reabilitatsiya markazlariga quyidagi vazifalar yuklangan:

  • boshpanasizlarni kecha-kunduz qabul qilish va ro‘yxatga olish;
  • boshpanasizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
  • ularning shaxsini aniqlashda tegishli idoralarga ko‘maklashish;
  • boshpanasizlarni belgilangan normalar asosida oziq-ovqat bilan ta'minlash;
  • psixologik yordam ko‘rsatish; huquqbuzarlik sodir etishga moyil boshpanasiz shaxslarga xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirish;
  • mehnatga layoqatli shaxslarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish;
  • qarovsiz qolgan keksalar va nogironlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda «Saxovat» keksalar va nogironlar uchun internat uylariga, ruhiy kasallikka chalingan nogironlarni «Muruvvat» nogironlar uchun internat uylariga, kasallarni davolash muassasalariga joylashtirish choralarini ko‘rish va h.k.
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid