O‘zbekiston | 12:23 / 09.01.2021
12742
4 daqiqa o‘qiladi

Sovuqda sargardon olmazorliklar: ko‘p qavatli uylar qachon isiydi?

Olmazor tumani Beshqo‘rg‘on 4-mavzedagi ko‘p qavatli uylarda 2020 yil 20 noyabrdan buyon isitish batareyalari ishlamayapti, u yerda yashovchi aholi sovuqdan hamon aziyat chekmoqda.

Foto: Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabariga ko‘ra, chorasiz qolgan aholi ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

«Uylarimiz o‘ta sovuq. Xavfli bo‘lsa-da, gaz yoqyapmiz. Konditsioner, elektrli isitish moslamalaridan foydalanyapmiz. Bolalar juda sovqotishyapti. Ularning ustidan qavat-qavat ko‘rpachalar o‘raymiz. Issiqlik ham, issiq suv ham norma bo‘yicha berilmayapti. Bu yil juda qiynalib ketdik, azobda qoldik. Sovuqda o‘tiribmiz, uyimizning 4 ta xonasi muzlab yotibdi», – deydi aholi vakillari.

Ma'lum qilinishicha, muammoni hal qilish maqsadida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ishchi guruhi Olmazor tumani issiqlik ta'minoti idorasi xodimlari hamda ushbu ko‘p qavatli uylarga biriktirilgan «Obod Olmazor ta’mirlash» mas'uliyati cheklangan jamiyati boshqaruv kompaniyasi vakillari bilan muhokama o‘tkazgan.

Olmazor tumani issiqlik ta'minoti inspektori Dilshod Abdurahmonov ushbu holat yuzasidan quyidagicha izoh bergan.

«Hozir bu yerdagi muammo bosim yetib kelmasligi bilan bog‘liq. Bosimning me'yordan past kelayotgani uchun ko‘pgina uylar isimayapti. Bugungi kunda shunga chora qilib boshqa joydan trassa tortyapmiz. Bir hafta-o‘n kun ichida muammo hal etiladi. Hozirda bu borada yetarli ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolarga yetarli darajada issiqlik ta'minoti yetkazib berilmagan davr uchun amalga oshirilgan to‘lovlarni iste'molchilarga qayta hisob-kitob qilish yuzasidan «Toshissiqquvvati» DUKga kerakli hujjatlar taqdim etildi», – degan tashkilot mas'uli.

Ta'kidlanishicha, xonadonlarda radiatorlarning sovuq bo‘lishiga butun uyning isitish tizimida sirkulyatsiya yetishmasligi sabab bo‘lgan.

Agentlikning «Toshissiqquvvati» DUKga yuqoridagi ko‘p qavatli uylarning issiq suv va issiqlik tizimida vujudga kelgan muammolarini bartaraf etish choralarini ko‘rish, iste'molchilar tomonidan yetarli darajada issiqlik ta'minoti yetkazib berilmagan davr uchun amalga oshirilgan to‘lovlarni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatma xati yuborilgan.

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi yetakchi bosh mutaxassisi Sharofiddin Qahhorov mazkur vaziyatdagi qonuniy asosga to‘xtalib o‘tgan.

«Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qarori bilan tasdiqlangan ko‘p kvartirali uylarda issiqlik ta'minoti xizmatlari ko‘rsatish qoidalarining 75-bandida yetkazib beruvchining:

  • issiqlik ta'minoti shartnomasida nazarda tutilgan hajmda, issiqlik energiyasining ulangan tarmoq orqali uzluksiz yetkazib berilishini ta'minlash va tomonlar bilan kelishilgan rejimga rioya etish;
  • issiqlik energiyasini standartlashtirish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq sifat bilan yetkazib berish;
  • issiqlik ta'minoti shartnomasiga muvofiq issiqlik tarmoqlarining balans mansubliligi ajralishi chegarasida issiqlik manbai (issiq suv) parametrlarini saqlashdan iborat majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart», – degan agentlik mutaxassisi.

Ma'lum qilinishicha, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi mas'ul tashkilot vakillari bilan tuzilgan dalolatnomaga ko‘ra, 20 noyabrdan boshlab ushbu muammo bartaraf etilgunicha aholi issiqlik ta'minoti bo‘yicha ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq to‘lamaydigan bo‘ldi.

Mavzuga oid