O‘zbekiston | 17:43 / 11.01.2021
27628
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘sh-Toshkent» yo‘lining Xo‘janddan o‘tgan qismi ochilishi mumkin

Prezidentning farmon loyihasiga ko‘ra, Xo‘jand shahridan o‘tgan magistral yo‘lda harakatlanish bo‘yicha Tojikiston hukumati bilan kelishuvga erishish choralari ko‘riladi.

Xo‘jand shahri / Foto: Asia-Plus

Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi e'lon qilindi.

Farmonga ilova qilingan uzoq xorij va qo‘shni respublikalardan xorijiy ziyoratchi sayyohlarni qabul qilish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ga muvofiq, 2021 yildan boshlab transport-logistika xizmatlarini yaxshilash hamda rivojlantirish choralari ko‘riladi.

Xususan, o‘zbek diasporasi istiqomat qiladigan qo‘shni mamlakatlarning yirik shaharlari – O‘sh, Jalolobod, Turkiston, Chimkent, Dushanbe, Xo‘jand, Mozori-Sharifdan turizm salohiyati yuqori bo‘lgan shaharlarga avtobus marshrutlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.

Shuningdek, «O‘sh-Toshkent» yo‘nalishini amalga oshirish uchun Tojikistonning Xo‘jand shahridan o‘tgan magistral yo‘lda harakatlanish bo‘yicha Tojikiston hukumati bilan kelishuvga erishish choralari ko‘riladi. Kelishuv natijasiga ko‘ra, xalqaro muntazam avtobus yo‘nalishi tashkil etilishi mumkin.

Ushbu tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar 2021 yilda ishlab chiqilishi belgilangan. Ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Transport vazirligi va Tashqi ishlar vazirliklari mas'ul qilib belgilangan.

Mavzuga oid