O‘zbekiston | 15:14 / 18.01.2021
16023
2 daqiqa o‘qiladi

2021 yilgi davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi

Foto: 2021.strategy.uz

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

2021 yil Davlat dasturi loyihasi 276ta banddan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yilning 29 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida aks etgan asosiy g‘oya va takliflari hamda 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar asosida ishlab chiqildi.

Mazkur Farmon loyihasini 10 kun mobaynida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishdan maqsad – joriy yilgi Davlat dasturini fuqarolar, xalqaro ekspertlar, tegishli vazirlik va idora mutaxassislari, biznes doira hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarining fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda yanada takomillashtirishdan iborat.

Shu maqsadlarda joylarda jamoatchilik vakillari ishtirokida turli davra suhbatlari, bahs-munozaralar, ochiq muloqotlar o‘tkaziladi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama platformalari yaratiladi.

Muhokamalar jarayonida kelib tushgan barcha fikr-mulohazalar va takliflar umumlashtirilib, ularning natijalari asosida Davlat dasturi loyihasi yanada takomillashtiriladi.

Loyiha yuzasidan takliflarni jamoatchilik.uz saytida ham qoldirish mumkin. 

«Yuksalish» harakati matbuot xizmati davlat dasturi loyihasiga kiritilgan muhim masalalar infografikasini keltirdi:

Mavzuga oid