Jahon | 22:55 / 22.01.2021
10864
2 daqiqa o‘qiladi

Isyonchilar Markaziy Afrika Respublikasi poytaxtini qurshab olishdi

Mamlakat hududining uchdan ikki qismini nazorat qilayotgan isyonchilar poytaxtni qurshab olishgan. Armiya va BMT tinchlikparvar kuchlari ushbu hujumni to‘xtatishga urinmoqda.

Foto: Reuters

Markaziy Afrika Respublikasida (MAR) isyonchi guruhlarning poytaxt Bangi shahriga hujum qilishi sababli favqulodda vaziyat rejimi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda BBC News.

Hukumat vakilining so‘zlariga ko‘ra, rejim 15 kun amal qiladi va harbiylar sud sanksiyalarisiz hibsga olishlarni amalga oshirishlariga imkon beradi.

Mamlakat hududining uchdan ikki qismini nazorat qilayotgan isyonchilar poytaxtni qurshab olishgan. Armiya va BMT tinchlikparvar kuchlari ushbu hujumni to‘xtatishga urinmoqda. BMT bosh kotibining maxsus vakili va MARdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha missiya rahbari Manker Ndiayye mamlakatdagi xavfsizlik borasidagi vaziyat murakkab ekanligini aytdi.

Isyonchi guruhlar prezident Fosten Arkanj Tuaderaning qayta saylanishi qonuniyligiga qo‘shilmayapti. MAR hukumati esa o‘z navbatida sobiq davlat rahbari Fransua Bozizeni mamlakatda beqarorlik keltirib chiqarishda ayblamoqda.

 27 dekabrda MARda prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Bozizega saylovda qatnashishga ruxsat berilmadi. BMT harbiylashgan guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, unga qarshi sanksiyalar joriy etgan. Tuadera davlat rahbari etib qayta saylandi..

Mavzuga oid