Jahon | 22:37 / 25.08.2023
62685
7 daqiqa o‘qiladi

«Menga ko‘proq oltin kerak». WSJ Prigojinning so‘nggi kunlari haqida hikoya qildi

U bu kunlarni Afrikada o‘tkazgan.

Foto: Reuters / Scanpix / LETA

Yevgeniy Prigojin Tver oblastida aviahalokatga uchrashidan oldingi kunlarda Afrika bo‘ylab sayohat qilgan va muvaffaqiyatsiz isyondan keyingi kelajagini rejalashtirgan. Bu haqda The Wall Street Journal parvoz ma’lumotlari hamda yollanma jangchilar va afrikalik mulozimlar orasidagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Prigojin tuzilmalari kamida 2018 yildan buyon Afrikaning o‘n davlatida faoliyat yuritib keladi. Qit’aning turli hududlari bo‘ylab «Vagner» XHKning besh mingga yaqin yollanma jangchisi joylashtirilgan. Biznesmenning kompaniyasi Afrika davlatlari yetakchilariga qo‘riqlash xizmati taqdim etadi, qurollar yetkazib beradi hamda tabiiy resurslardan foydalanish va qazib olish huquqi evaziga siyosiy maslahatlar berish bilan shug‘ullanadi.

G‘arbdagi va Afrikadagi mulozimlarga ko‘ra, Prigojinning asosiy daromadi Sudan oltinini Rossiyaga eksport qilishdan, shuningdek Markaziy Afrika Respublikasidagi olmos va yog‘ochni Birlashgan Arab Amirliklariga yetkazib berishdan ham katta pul ishlagan. The Financial Times Prigojinning Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi tabiiy resurslarni qazib olishdan ko‘radigan daromadini 250 million dollarga baholagan.

Yollanma jangchilarning iyun oyida Moskva tomon uyushtirgan «marshi» yakunlanmay to‘xtagach, Kreml Prigojinga Belarusga «ketish»ni taklif qilgandi. Qo‘shni mamlakat hududiga avval Ukrainada jang qilib kelgan vagnerchilarning bir qismi joylashdi. Ammo guruh rahbarining o‘zi Afrikadagi ta’sirini tiklash va kengaytirish uchun ushbu qit’aga yo‘l oldi. Prigojin o‘zining so‘nggi videomurojaatini ham aynan Afrikada yozgandi va «Vagner» XHK Rossiyani «barcha qit’alarda buyuk qilishga kirishishi, Afrikani esa yanada erkin qilishi»ni aytgandi. 

Shu bilan birga, WSJ nashri yozishicha, Kreml Prigojinning kengayib borayotgan korporativ tarmog‘i ustidan rasmiy nazorat o‘rnatishga kirishgan, chunki «uning ambitsiyalari Vladimir Putin uchun qulay bo‘lgan darajadan oshib ketgandi». RF mudofaa vazirligi Afrikaga delegatsiyalar yuborib, ushbu hududdagi davlatlar hukumatlarini bundan buyon Prigojin bilan emas, balki Rossiya davlati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi kerakligi haqida xabardor qila boshlagan.

Taxminlarga ko‘ra, bu nazorat GRU va general Andrey Averyanov tomonidan amalga oshiriladi — Aleksandr Mishkin va Anatoliy Chepiga ham uning bo‘linmasida xizmat qiladi, ular aslida Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov bo‘lib, bir necha yillar oldin Sergey Skripalni zaharlashda gumonlanib tilga tushgandi.

WSJ manbalarining so‘zlariga ko‘ra, 18 avgust kuni Prigojinning xususiy samolyoti MAR poytaxti Bangiga qo‘ngan. XHK rahbari ushbu mamlakat prezidenti Fosten-Arkanj Tuaderaning saroyida u bilan uchrashib, uni o‘zi bilan hamkorlikni davom ettirishga ko‘ndirishga uringan. Prigojin uning Rossiyada muvaffaqiyatsizlikka uchragan isyoni Markaziy Afrikadagi ishbilarmon hamkorlar uchun yangi yollanma jangchilar va investitsiyalar jalb qilishiga to‘sqinlik qilmasligini bildirgan.

Ammo, nashr suhbatdoshlarining tasdiqlashicha, Vladimir Putin iyul oyi oxiridayoq, Peterburgdagi «Rossiya — Afrika» sammiti vaqtida Tuaderaga Prigojindan uzoqlashish vaqti kelganini uqtirgandi.

«Vagner» XHK rahbari Peterburgdagi Trezzini Palace mehmonxonasida o‘tkazilgan forumda qatnashishga harakat qiladi, ammo, katta ehtimol bilan, Afrika yetakchilari tomonidan ignor qilinadi va u afrikalik siyosatchilar bilan birga suratlarga tusha olmaydi. Tadbirlarda Putin bilan birga Andrey Averyanov qatnashadi.

19 avgust kuni Prigojinning Bangidagi qarorgohiga Sudanning Darfur provinsiyasidan «Vagner» vertolyotida Tezkor reaksiya kuchlarining besh komandiri tashrif buyuradi — harbiylashgan bu guruh rossiyalik yollanma jangchilarga tayangan holda Sudan hukumatiga qarshi harbiy harakatlar olib bormoqda. Harbiylar vagnerchilar rahbariga oldinroq yetkazib berilgan «yer-havo» tipidagi raketalar uchun to‘lov sifatida oltin solingan qutilarni keltirishgandi. WSJ manbalariga ko‘ra, Prigojin qutilarga qaragan holda shunday degan: «Menga ko‘proq oltin kerak».

MARga tashrifdan keyin Prigojin Mali poytaxti Bamakoda ham bir muddat to‘xtaydi. Bu yerda u nima bilan mashg‘ul bo‘lgani aniq  emas.

Xuddi shu kuni, 22 avgustda Liviyaga RF mudofaa vaziri Yunus-Bek Yevkurov boshchiligidagi rossiyaliklar delegatsiyasi kelgandi. Ularni Liviya harbiy qo‘mondoni Xalifa Haftar taklif etgandi, u avvalroq mamlakatdagi neft quduqlari  xavfsizligini ta’minlash uchun Prigojinning xizmatlaridan foydalangan.

Prigojin isyon boshlab, Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtabini egallab olganida aynan Yevkurovni kamsitib, suhbat qilgandi.

Prigojinning isyoni Haftarning atrofidagilarni «Vagner» XHKning Liviyada bo‘lishi borasida qattiq asabiylashishga majbur qilgan, degan jurnalistlarga xavfsizlik sohasidagi Libya Desk nomli konsalting firma boshqaruvchi direktori Muhammad Elyarx. «Ular agar bu ishni Rossiyada qilgan bo‘lsa, Bing‘ozida ham qila olishini his qilishardi», — degan u.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, endi Liviyada Rossiya razvedkasi zobitlari tomonidan boshqariladigan yangi xususiy harbiy kompaniya paydo bo‘ladi. Ammo uning tarkibidagi jangchilar o‘zgarmaydi — tarkib asosan vagnerchilardan iborat bo‘ladi.

Liviya xavfsizlik xizmati vakili WSJ nashriga, Rossiya endi hamkorlik ikki armiya darajasida amalga oshirilishi haqida signal yuborayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevkurov Haftarga shunday degan: «Putin menga Liviya biz uchun juda muhimligini aytdi. Bu biz tashrif buyurgan birinchi „Vagner“ mamlakati».

Mavzuga oid