Jahon | 18:45 / 28.01.2021
11067
2 daqiqa o‘qiladi

Navalniyni ozodlikka chiqarish bo‘yicha da'vo arizasi rad etildi

Moskva oblast sudi 30 kunga ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni ozod qilish bo‘yicha kiritilgan apellyatsiya arizasini qanoatlantirmadi. Bu haqda «Meduza» nashri yozmoqda.

SERGEI BOBYLEV/TASS

Navalniyning himoyachilari arznomada qonunga to‘g‘ri kelmaydigan qator holatlarni sanagan. «Masalan, birinchi instansiya sudi Navalniyni saqlab turish muddatini uzaytirdi. Vaholanki, Jinoyat-protsessual kodeksida ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlash muddati 30 kundan oshmasligini nazarda tutadi», deyilgan xabarda.

«Barchasi ochiqchasiga qonun buzilishi. Sud majlisining protokolini o‘qidingizmi? O‘qigan bo‘lsangiz, butun Moskva oblasti sudining harakatlariga kulgandirsiz hoynahoy», degan videokonferensiya ko‘rinishida olib berilgan sud majlisida Navalniy. Sud «Matrosskaya tishina» nomli tergov hibsxonasida o‘tkazilgan.

Sud majlisi davomida prokuratura vakili Navalniy advokatining uni ozodlikka chiqarish bo‘yicha arznomasini rad etgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi asoschisi Aleksey Navalniy 17 yanvar kuni Germaniyadan Rossiyaga qaytishi bilan qo‘lga olingandi. 2020 yilning 20 avgustida zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan Navalniy 22 avgust kuni Germaniyaga olib ketilgan va 7 sentyabrgacha komada bo‘lgandi. Shundan keyin 4 oy davomida Berlinda qolgan Navalniy 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi. Siyosatchi qo‘lga olinganidan ikki kun o‘tib, 19 yanvar kuni uning Vladimir Putinga qarashli saroy borligi haqida katta surishtiruvi e'lon qilindi. YouTube'ga joylanganiga 10 kun bo‘lgan surishtiruv 99 million martaga yaqin ko‘rilgan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid