Jahon | 15:53 / 29.01.2021
18529
12 daqiqa o‘qiladi

Pompeo o‘rniga Blinken. Kremlning ashaddiy tanqidchisidan nima kutish mumkin?

AQSh Senati 27 yanvar kuni Davlat departamenti rahbari lavozimiga prezident Jo Bayden tomonidan ilgari surilgan nomzod Entoni Blinkenni ma'qulladi. Baydenning ko‘p yillik maslahatchisi, «qayta tiklash» siyosati mualliflaridan biri bugungi kunda Vashingtonda Moskva bilan munosabatlarda qat'iy siyosat olib borish tarafdori bo‘lgan siyosatchi sifatida tanilgan.

Hafta boshida Oq uydagilar Moskvadan Aleksey Navalniyni va uni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkazilgan aksiyalar chog‘ida qo‘lga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishni talab qilib, aks holda Kremlga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilishi bilan tahdid qilgandi. Yangi ma'muriyat matbuot kotibi Jyennifer Psakining so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari Rossiya hukumati harakatlariga javob qaytarishda «barcha variantlardan foydalanish»ni istisno etmaydi.

Jo Baydenning o‘zi dushanba kuni jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, AQSh va Rossiya hamkorlik qilishi mumkin bo‘lgan soha sifatida hozircha faqat yadroviy qurolsizlanish masalasini (yadro qurolini ishlatishni cheklash bo‘yicha kelishuvni uzaytirish) ko‘rayotganini aytib o‘tgan. Qolgan sohalarda hamkorlik darajasi minimumga qadar tushiriladi.

Bayden Putin bilan telefon orqali muloqotda rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishi, Moskvaning AQSh davlat idoralariga kiberhujumdagi ehtimoliy ishtirokini, shuningdek, Rossiyaning Amerikadagi 2020 yilgi saylovlarga aralashish bo‘yicha ehtimoliy urinishlarini va Afg‘onistonda «Tolibon» harakati bilan amerikaliklarga qarshi ehtimoliy til biriktiruvlarni muhokama qilgandi.

Navalniyning qo‘lga olinishi masalasi Senatda Entoni Blinken nomzodini tasdiqlash bo‘yicha o‘tkazilgan eshituvdagi asosiy masalalardan biri bo‘lgan. Blinken Rossiya bilan munosabatlar muammosini yangi ma'muriyat uchun muhim masala deb atagan, rossiyalik muxolifatchining qo‘lga olinishiga bo‘lgan munosabatini quyidagi ibora bilan ifodalagan: «Bu hayratlanarli, shunday kuchli Vladimir Putin bu odamdan qo‘rqadi».

AQSh ma'muriyatidagi boshqa mulozimlar ham Blinken bilan bir xil pozitsiya tanlagan.

AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi, Bayden tomonidan Markaziy razvedka boshqarmasi rahbarligiga tavsiya etilgan Uilyam Berns bir necha oy muqaddam Axios portaliga bergan intervyusida Moskva bilan hamkorlikda alohida istiqbol ko‘rmayotganini aytib o‘tgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika Kremlga nisbatan munosabatlarda «keskin raqiblikdan yoqimsiz dushmanlikkacha» bo‘lgan doirada harakat qiladi.

Davlat departamentining yangi rahbari ushbu siyosatni amalda olib borishi kerak bo‘ladi.

Entoni Blinken kim o‘zi?
58 yoshda bo‘lgan Blinken Harvard va Kolumbiya universitetlarida huquqshunoslik va jurnalistika bo‘yicha tahsil olgan, yoshligida prodyuser bo‘lishni orzu qilgan. 1990-yillar boshida Klinton uchun nutqlar yozgan, 1994 yildan 2001 yilgacha Klinton ma'muriyatida Milliy xavfsizlik kengashi apparatida ishlagan, 2002–2008 yillarda Senat tashqi ishlar qo‘mitasining Demokratik fraksiyasi apparatini boshqargan. O‘shanda qo‘mitaga Jo Bayden rahbarlik qilgan, Blinken uning eng yaqin maslahatchisi sifatida e'tibor qozongan.

Aynan shu davrda u Kongressdagi respublikachilar tiliga tusha boshlagan. 2002 yilda Bayden Iroqqa bostirib kirishni qo‘llab-quvvatlagan, keyinroq Liviyadagi harbiy harakatlarni ham ma'qullagan, shuningdek, AQSh Suriyada yanada agressiv siyosat olib borishi kerakligini aytgan. Washington Post ma'lumotiga ko‘ra, Baydenga shunday pozitsiya tanlashni aynan Blinken maslahat bergan, u o‘z vaqtida Iroqqa bostirib kirishni «qat'iy diplomatiya» deb atagandi.

Wall Street Journal nashrining yozishicha, u ayni vaqtda Afg‘oniston va Iroqdagi amerikalik harbiylarni olib chiqishga shoshilmaslik kerak deb hisoblaydi.

«Agar siz o‘yinda bo‘lmasangiz, sizda muammolar bo‘ladi. Agar voqealarga ichkaridan ta'sir ko‘rsata olmasangiz, siz bilan hisoblashishmaydi», degan u saylovlar arafasida jurnalistlar bilan suhbatda.

«O‘ylaymanki, Amerika tashqi siyosati yoki milliy xavfsizlik masalalarida doimiy ravishda xato qarorlar qabul qilgan odamni Davlat kotibi etib tayinlash katta xato bo‘ladi», dedi o‘tgan haftada Senatdagi tinglov vaqtida Blinken nomzodiga qarshi ovoz berishga chaqirgan respublikachi Jon Barrasso.

2009 yilda bo‘lajak davlat kotibi ham Bayden ortidan Obama ma'muriyatiga ishga o‘tadi, u avvaliga AQSh vitse-prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini oladi, keyin prezident Barak Obamaning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisiga aylanadi. U Pokiston va Afg‘oniston mavzulariga qarardi, shuningdek, Eron yadroviy dasturi masalalari bilan shug‘ullanardi. Qrim va Ukraina sharqidagi voqealardan keyin esa u AQShning Rossiya bilan munosabatlarining asosiy mualliflaridan biriga aylandi.

Besh yil o‘tib, 2014 yil dekabrida prezident uning nomzodini AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari lavozimiga ko‘rsatadi.

O‘shanda Senatdagi tasdiqlash jarayoni Blinken uchun yangilik bo‘lmagandi. Uning oilasidagi kamida uch kishi shu kabi jarayondan o‘tgan: otasi Donald Blinken AQShning Vengriyadagi elchisi bo‘lgan, amakisi Alan Blinken Belgiyada elchi bo‘lgan, rafiqasi Evan Rayyan Obama ma'muriyatida davlat kotibining ta'lim va madaniy aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egallagan (u Hillari Klinton AQShning birinchi xonimi bo‘lgan yillarda uning shaxsiy yordamchisi ham edi). 

2014 yilgi Senatdagi eshituvlar vaqtida Blinken ilk bor oilasi tarixini yodga olgandi. 1970 yilda uning ota-onasi ajrashgan, onasi taniqli advokat Semyuel Pizarga turmushga chiqqan. Keyinroq oila Parijga ko‘chib o‘tgan, bo‘lajak davlat kotibi maktabni shu shaharda tamomlagan.

Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, kelib chiqishiga ko‘ra yahudiy bo‘lgan Pizar Ikkinchi jahon urushi boshida Polshadagi konslagerga tushgan, u maktabning 900 o‘quvchisi orasida to‘rt yillik tutqunlikdan keyin ham omon qolgan yagona o‘quvchi bo‘lgan. Uni amerikalik qora tanli askar qutqargan.

Blinken bu tarixni shu haftadagi Senatdagi eshituvda ham takrorladi va bu hodisani «Qo‘shma shtatlarning dunyoda qanday rolni o‘ynashi»ga misol sifatida keltirdi.

2013 yilgi intervyusida Bayden uni superyulduz deb atagandi: «Blinken har qanday ishni ham uddalay oladi. Toni Blinken – super yulduz va bu mubolag‘a emas. Prezident buni to‘rt yil men bilan birga ishlaganidan keyin tan oldi va uni mendan tortib oldi».

2015-2016 yillarda Blinken Hillari Klintonning maslahatchisi bo‘lgan va Yaqin Sharqdagi ishlar, xususan, IShIDga qarshi kurash masalalari bilan shug‘ullangan. 

2016 yilgi saylovlarda Tramp g‘alaba qozongach, Blinken ma'muriyatni tark etadi va xususiy biznesda faoliyat boshlaydi. U Pine Island Capital Partners investitsiya kompaniyasida maslahatchilik qiladi, 2018 yilda esa geosiyosiy risklarni baholash bilan shug‘ullanuvchi WestExec Advisors konsalting firmasiga asos soladi.

Pine Island kompaniyasida general Lloyd Ostin ham maslahatchilik qilardi, Bayden uni Pentagon rahbarligiga tayinladi. WestExec kompaniyasidagi rahbarlardan biri esa Evril Heyns edi, u yangi ma'muriyatda Milliy razvedka xizmati direktori lavozimini egalladi.

Soliq hisobotlaridan bilish mumkinki, Blinken biznesda muvaffaqiyatga erishgan. WestExec Advisors kompaniyasi mijozlari qatorida Facebook, Uber, Microsoft va LinkedIn kabi nomlarni uchratish mumkin, so‘nggi yillarda bu firma orqali bo‘lajak davlat kotibi 1,2 mln dollar ishlab olgan. Yana 144,5 ming dollarni u Baydenning saylovoldi shtabidagi ishi orqali topgan. Shuningdek, CNN telekompaniyasi xalqaro sharhlovchi sifatidagi chiqishlari uchun unga 21 ming dollar to‘lagan.

Xususiy biznesga o‘tib ketishi unga so‘nggi yillarda o‘nlab intervyular berish va tashqi siyosatning turli masalalarida ommaviy chiqishlar qilishga xalal bermagan. Quyida uning tashqi siyosat bo‘yicha qarashlari keltiriladi.

«Perezagruzka» siyosati haqida

«Baydenga barchasi ayon, biz Rossiya bilan aloqalarni tiklamoqchi bo‘lsak ham, asosiy prinsiplarimizdan chekinmaymiz. Biz Yevropa yoki undan tashqaridagi ta'sir doiralari dunyosiga qaytmoqchi emasmiz. Biz Rossiyadek bir davlat boshqa davlatlarga nima qilish yoki nima qilmasligini o‘rgatib turishi haqidagi taklifga ko‘nmaymiz.

U [Putin] to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy hujum qilmasdan asimmetrik taktikadan foydalanadi. U barcha yo‘llardan foydalanadi: siyosatchilarni sotib olish, dezinformatsiya kampaniyasi, kichik ko‘lamli harbiy amaliyotlar va ayrim mamlakatlardagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlash harakatlari - bularning barchasi asimmetrik strategiyaga aylanadi [...] bu esa katta zarar keltirishi mumkin».

NATO va Rossiya munosabatlari
«Men darhol aytishim mumkinki, prezident Bayden agressiyasi tufayli Putinga qarshi kurashadi [...]».

«Rossiyaning Ukrainadagi voqealarga aralashuvidan keyin AQSh rahbarligidagi NATO o‘z siyosatini faollashtirdi. Hozirda Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan davlatlardagi mavjudligimiz inqirozgacha bo‘lgan davrga nisbatan sezilarli darajada o‘sgan. Gap energetika xavfsizligi haqida borganda yevropaliklar yanada jipslashadilar. Barcha hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu strategik qarorlar Rossiya pozitsiyalarini strategik jihatdan yanada zaiflashtiradi».

Yadroviy qurolsizlanish to‘g‘risida
«Albatta, biz Xitoyni qurollanishni nazorat qilish masalalariga jalb qilishni istaymiz, [...] ammo biz qurollardan foydalanishni cheklash to‘g‘risidagi shartnomani uzaytirish orqali strategik barqarorlikka erishishga harakat qilamiz».

«Shu bilan birga biz strategik barqarorlik masalalari bilan shug‘ullanishimiz kerak va biz buni qila olamiz. Bayden yadro qurolini ishlatishni cheklash bo‘yicha kelishuvni uzaytirishimiz va Putinning tajovuzkorona siyosatiga qarshi chiqish barobarida Rossiya bilan strategik barqarorlikni mustahkamlashning boshqa yo‘llarini izlashimiz kerak deb hisoblaydi».

Terrorizm bilan kurash haqida
«Qachonki [Tramp] Rossiya toliblarga bizning harbiylar o‘ldirilishi uchun pul to‘lagani haqida razvedka ma'lumotlarini olganida [...] u hech narsa qilmagandi [...], bizda chindan jiddiy muammo mavjud».

«Biz [Afg‘onistondagi] muhim manfaatlarimizni himoyalash va u yerga 14 ming yoki 7 ming amerikalik askar yubormasdan yangi terrorchi guruhlar yuzaga kelishining oldini olish uchun hozir nima qilishimiz kerak? Buning uchun, menimcha, yaqin kelajakda bunday guruhlar yana jonlanmasligi uchun terrorizmga qarshi kurashdagi mavjud ustunlikni saqlab qolishimiz kerak».

Kiberxavfsizlik haqida
«Prezident Bayden [...] kiberhududlardagi tahdidlarga qarshi kurashish [...] va elektron urushlarda yangi imkoniyatlar uchun investitsiya kiritadi».

Ikki tomonlama savdo va sanksiyalar to‘g‘risida
«[Bayden ma'muriyati] muvofiqlashtirilgan sanksiyalar, korrupsiya holatlarini fosh etish ishlari orqali haqiqiy ko‘rinishdagi zararlarni yetkazishga intiladi va Putinga u qanday tahdidga to‘qnash kelishi haqida aniq signal beradi. Boshqa tomondan, savdo-sotiqdan, investitsiyalardan va muzokaralar stoliga qaytishdan qanday foyda ko‘rishini tushuntiradi. Agar Rossiya o‘z siyosatini o‘zgartirsa, bu ushbu davlatning tobora o‘sib borayotgan Xitoyga qaramligini ham kamaytirishga imkon beradi».

Ukraina haqida
«Rossiya uchun Ukrainadagi zaif nuqta harbiy qarama-qarshilik emas, iqtisodiyot edi. Shu tufayli sanksiyalar joriy etilgan, shu tufayli Qo‘shma Shtatlar Rossiya Ukrainadagi avantyurasiga chin ma'noda to‘lov qilishi uchun Yevropa davlatlarini ham qat'iy sanksiyalarga undadi». 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid