O‘zbekiston | 07:13 / 30.01.2021
22116
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda soxta o‘t o‘chiruvchilar aniqlandi, ular tashkilotlardan pul talab qilgan

Samarqand viloyati Payariq tumanida ikki nafar shaxs o‘zini tuman FVB yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimi deb tanishtirib, ayrim korxonalar rahbaridan pul talab qilgan. Bu haqda Kun.uz'ga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Boshqarma ma'lumotiga ko‘ra, ikki nafar shaxs tumandagi 9-umumta'lim maktabiga borib, qozonxonani tekshirgan va maktab direktoridan 200 ming so‘m pul so‘ragan. O‘zini «pojarniy»dan deb tanishtirgan bu shaxslar leytenant va serjant darajalarini anglatuvchi soxta pagon taqilgan kiyimda bo‘lgan.

Payariq tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi vakilining ma'lum qilishicha, tumandagi 8-maktab direktori ham bo‘limga murojaat qilib, tashkilotiga «MChS» xodimlari kelib 300 ming so‘m pul talab qilganini aytgan. Tuman FVB xodimlari voqea joyiga borganida, soxta o‘t o‘chiruvchilar ketib qolgan. Ammo oradan bir necha soat o‘tib, Taraqqiyot mahallasidagi 28-MTM hududida yana maxsus formadagi shaxslar ko‘rinish bergan.

Ular o‘zlarini «Jasorat» yong‘inga qarshi kurash jamiyati nazoratchisi deb tanishtirgan. Bu shaxslar taqdim etgan guvohnomada korxonadagi lavozimi inspektor deb ko‘rsatilgan.

Korxona rahbarlari esa xuddi shu shaxslar o‘zlarini FVB yong‘in xavfsizligi bo‘limi vakillari deb tanishtirganini ma'lum qilgan. Bu shaxslar hatto dalolatnoma to‘ldirgan. Holat yuzasidan tuman FVB vakillari tomonidan tegishli tashkilotlarga taqdim etish uchun kerakli dalillar to‘planayotgani ma'lum qilindi.

Samarqand viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mas'ullari keyingi vaqtlarda o‘zini FVB xodimi deb tanishtirgan, tashkilotlar hamda fuqarolarning xonadonlariga borib «tekshirish» o‘tkazayotgan shaxslar haqida ma'lumotlar kelib tushayotganini ma'lum qildi.

Mavzuga oid